Said Abdulaziz Yusupovga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Kun.uz o‘z manbasiga tayanib xabar berdi.
20-noyabr kuni harbiy sud Yusupovni O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish (Jinoyat kodeksi 159-moddasi 3-qismi “a” bandi) hamda og‘irlashtiruvchi holatlarda tuhmat (JK 139-moddasi 2-qismi “a, g” bandlari) jinoyatlarini sodir qilganlikda aybli deb topdi.
Said Abdulaziz Yusupov avval ham sudlangandi. U 2019-yilning 10-mayida firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingandi. O‘shanda unga o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik va pora berish jinoyatlari bilan ayb qo‘yilgan.
Yusupovga avvaliga 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Keyin jazo 2,5 yil axloq tuzatish ishlariga o‘zgartirilgan va u 2020-yil 8-iyul kuni ozodlikka chiqarilgan.
Oliy sud raisi o‘rinbosari o‘shanda Yusupovga “firibgarlik orqali yetkazilgan zararni to‘liq qoplagani sababli unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangani”ni ma’lum qilgandi.
Said Abdulaziz Yusupov 1982-yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan. 2019-yilda qamoqqa olinguniga qadar qisqa muddat O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan.




