23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Soliq qo‘mitasi keshbek va’da qiluvchi soxta Telegram kanal va botlardan ogohlantirdi

Boshqa 23.11.2026 12:27 0Gazeta
Soliq qo‘mitasi keshbek va’da qiluvchi soxta Telegram kanal va botlardan ogohlantirdi

Soliq qo‘mitasi Telegram messenjerida qo‘mita nomidan tashkil etilgan va firibgarlar tomonidan boshqarilayotgan 50 ga yaqin yopiq hamda ochiq guruh, kanal va botlarni aniqladi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu soxta resurslar orqali keshbek cheklarini sotish, pul evaziga ijara shartnomalarini rasmiylashtirishga undash, shuningdek, “keshbek orqali pul ishlab oling” kabi referal aksiyalar tashkil etilmoqda.

Bundan tashqari, firibgarlar qo‘mita nomidan turli xabarlar va zararli ilovalarni tarqatish bilan shug‘ullanmoqda.

Monitoring davomida aniqlangan soxta resurslar qatoriga quyidagilar kiradi:

  • soliquz_chek_kesbek;
  • SoliqUz_kesbeklar;
  • Soliqmobilxizmati;
  • SoliqUzbDavlat_bot;
  • kesbek_soliqbot.

Aniqlangan holatlar yuzasidan Telegram’ning texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatiga rasmiy murojaat yuborilgan.

Qo‘mita fuqarolarni norasmiy kanallarga kirmaslikka, ularga obuna bo‘lmaslikka va ma’lumotlarini tarqatmaslikka chaqirdi. Shuningdek, bunday manbalardagi shubhali havolalarni ochmaslik va ilovalarni qurilmaga o‘rnatmaslik so‘raldi.

Shu kabi firibgarlik holatlariga duch kelinganda @soliquz_report_bot manzili orqali xabar berish mumkin.

Ma’lumot uchun, 2025-yilda O‘zbekistonda iste’molchilarga 1,6 mlrd ro‘yxatdan o‘tgan cheklar uchun 1,5 trln so‘mdan ortiq keshbek to‘lab berilgan. Eng ko‘p mablag‘ni Toshkent shahri (564 mlrd so‘m) va viloyati (177,2 mlrd so‘m) iste’molchilari olgan. Eng kam to‘lovlar Sirdaryo (19,3 mlrd so‘m) va Jizzaxda (26,4 mlrd so‘m) qayd etilgan.

Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va fiskal tahlil instituti cheklar uchun soliq keshbekidan voz kechishni taklif qilgandi. Institutga ko‘ra, bu mexanizm o‘zining dastlabki vazifasini bajardi — xaridorlarni fiskal cheklarni talab qilishga o‘rgatdi, biroq endi budjetga tobora qimmatga tushmoqda: 2026-yilda xarajatlar 1,8 trln so‘mga yetishi mumkin.

O‘xshash yangiliklar