Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar o‘rtasida ko‘z kasalligi tarqalayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 10-noyabr kuni Parkent tumani “Qoraqalpoq” qishlog‘ida yashovchi 2022-yilda tug‘ilgan M.U. hududdagi 3-sonli bog‘chaga ko‘z kasalligi alomatlari bilan kelgan. Muassasa ma’muriyati bolani bog‘cha hududiga kiritmagan va shifokor ko‘rigiga yuborgan.
Tuman oftalmologi Umid Murodov ko‘rigidan so‘ng bolaga “H10.3 — aniqlanmagan o‘tkir kon’yunktivit” (ko‘z shilliq qavatining yallig‘lanishi). tashxisi qo‘yilib, davolash muolajalari belgilangan.
Shuningdek, oilaning katta farzandi va otasida ham shunday alomatlar aniqlangan bo‘lib, ayni paytda ularga tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, deyiladi xabarda.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, boshqa tarbiyalanuvchilarda kasallik alomatlari kuzatilmagan va bunday shikoyat bilan murojaat qilgan boshqa bemorlar qayd etilmagan.
SSB ota-onalardan farzandlari salomatligiga e’tiborli bo‘lishni, ko‘zda qizarish, yoshlanish va ajralma kelishi kabi alomatlar kuzatilganda o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilishni so‘radi.




