Toshkent shahri Yashnobod tumani Xosiyatli mahallasidagi xonadonlarning birida 10 kishidan iborat noqonuniy onlayn koll-markaz faoliyatiga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda poytaxt IIBB.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, guruh a’zolari turli messenjerlar orqali Yevropa mamlakatlari fuqarolarining ishonchiga kirib, ularga soxta hujjatlar tayyorlab berish, treyding va kriptoaktivlar bo‘yicha ta’lim berishni taklif qilgan.
Shundan so‘ng aldov yo‘li bilan jabrlanuvchilarning kriptoaktivlarini o‘zlarining shaxsiy elektron hamyonlariga o‘tkazib, o‘zlashtirib kelgan.
Xonadonni ko‘zdan kechirish jarayonida ashyoviy dalil sifatida 8 ta noutbuk, 58 ta telefon apparati va 3 ta kompyuter qurilmasi olib qo‘yilgan.
Gumonlanuvchilar jami 203 134 USDT (qariyb 2 mlrd 432 mln so‘m) miqdoridagi kriptoaktivlar aylanishi bilan qonunga xilof ravishda shug‘ullanib kelgani ma’lum bo‘ldi, deyiladi xabarda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan Jinoyat kodeksining 278−8-moddasi (Kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.




