29.11.2026, Yakshanba+6.4°CToshkent$12 017.70€13 179.81₽146.39
+6.4°CToshkent$12 017.70 29.11.2026

Ulushli qurilishda eskrou tizimi: uy xaridorlari qanday himoya qilinadi?

Boshqa 28.11.2026 23:18 0Gazeta
Ulushli qurilishda eskrou tizimi: uy xaridorlari qanday himoya qilinadi?

O‘zbekistonda ulushli qurilish bozorida eskrou tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. 10-noyabr kuni unga oid tegishli qonun loyihasi quyi palata tomonidan tasdiqlanib, Senatga yuborildi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qonun hujjati 10 kun ichida yuqori palataga yetib borishi, kelib tushganidan 60 kun ichida esa ko‘rib chiqilib, uning taqdiriga oid qaror qabul qilinishi lozim.

Hozircha “Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida”gi qonun Senat yalpi majlisining kun tartibidan joy egallaganicha yo‘q.

Yangi tartibga ko‘ra, xaridorning puli uy qurib bitkazilib, unga topshirilmaguncha quruvchiga berilmaydi. Bu tizim xaridorlarni qanchalik himoya qila oladi? Quruvchi bankrot bo‘lsa, fuqarolar pulini qanday qaytarib oladi? Yangi tartib eski muammoli qurilishlarga ham tatbiq etiladimi?

Gazeta Urbanizatsiya va uy joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Jamshid Mirzayev bilan eskrou tizimining huquqiy, moliyaviy mexanizmlari, quruvchilar va banklarning majburiyatlari, xaridorlar kafolatlari hamda yangi qonun loyihasidagi bahsli jihatlarni muhokama qildi.

Videoni to‘liq quyidagi havola orqali Gazeta YouTube kanalida tomosha qiling. Havoladan keyin suhbatda yangragan fikrlardan qisqacha matn keltiriladi.

— Jamshid aka, yaqinda uzoq kutilgan, uy-joy qurilishi bozori uchun muhim, xaridorlarning huquqlarini himoya qilish kerak bo‘lgan qonun loyihasi quyi palata tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi. Dastlab hujjat tayyorlanishi nega kechikkani haqida gaplashsak. Esingizda bo‘lsa, bu tizimga o‘tish vazifasi 2025-yil yanvar oyida prezident tomonidan topshirilgandi, unga oid farmonda ham aks etgandi. Lekin shunga qaramay, hujjat nega kechikdi?

— Qonun loyihasi dastlabki ko‘rinishda, ya’ni huquqshunoslar tili bilan aytsam, qoralama shakli 2026-yil fevral oyida tayyor bo‘lgandi. Lekin uni mukammal darajada, to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan qonun bo‘lishi, har bir kichik elementlarigacha qamrab olinishi uchun hujjat bilan chuqurroq ishlashimizga to‘g‘ri keldi.

Bunga alohida xorijiy va mahalliy mutaxassislar jalb qilindi. Hududlarga chiqib o‘rganildi. Quruvchilar, fuqarolar, har bir soha vakili bilan alohida ishlandi. Bir misol bilan tushuntirsam, amalda imzolanib kelayotgan 129 xil shartnoma, ya’ni bir xil bo‘lgan shartnomalar emas, har biri turlicha elementga ega bo‘lgan shartnomalar to‘g‘riligicha o‘rganib chiqildi.

Mazkur sohadagi muammolarni mukammal darajada bartaraf etishga harakat qilindi. Qonun loyihasini ishlab chiqishda 16 tadan ortiq vazirlik, idoralar ishtirok etdi. Har bir tizim bilan kichik elementgacha mukammal darajada ko‘rib chiqish harakatini qildik. Shu sabablarga ko‘ra, qonun biroz kechikdi, tan olish kerak. Hozirgi qonun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan hujjat bo‘lyapti.

Bu yerda nafaqat sohasi yoki fuqarolar pulini jalb qilish usulini, balki qurilishni moliyalashtirish, uni nazorat qilish, fuqarolar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, kelgusida vujudga keladigan huquqlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimigacha yozib chiqishga harakat qildik. Shu sabablar bilan qonun biroz kechikdi.

Kelgusida qurilish sohasidagi barcha munosabatlar va muammolarni 99 foiz holatda hal qilish, bartaraf etishga yordam beradigan qonun loyihasi tayyorlandi.

— — Amaliyotda ayrim qonunlar bir haftadayoq qabul qilinayotgan bir paytda, aholi manfaatiga daxldor ushbu hujjat nega bunchalik cho‘zildi? Bu muammolar allaqachon yuz berib bo‘lgach, vaziyat ortidan quvib qilingan postfaktum harakat emasmi?

— Bizda qonunlar turi jihatidan ikkiga bo‘linadi. Umumiy sohani tartibga soluvchi va sohani maxsus tartib soluvchi, ya’ni to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan qonunlar. Misol qilib aytishim mumkin. “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tahrirda 190 ta (qonun hozirda 249 ta moddadan iborat — tahr.) moddadan iborat bo‘lgan, juda mukammal yozilgan.

Boshqa qonunlarni ochib ko‘radigan bo‘lsangiz, ular sohani umumiy jihatdan tartib solishga qaratilgan bo‘lib, asosiy masalalar qonunosti hujjatlari bilan belgilanishi nazarda tutilgan.

Biz bu qonunni qabul qilgach, boshqa qonunosti hujjat qabul qilinishiga ehtiyoj bo‘lmasligi uchun uning o‘zida barcha jarayonlarni mustahkamlab, fuqarolarimizning huquq va manfaatlari, quruvchilar faoliyatini amalga oshirishi, pul mablag‘larini jalb qilish, bank hisobvaraqlarini ochish, ularni yuritish — umuman har bir masalani faqat qonunning o‘zi bilan tartibga solaylik deb kechikdik.

Ertaga bundan keyin boshqa qonun yoki boshqa hujjat ishlab chiqish zaruriyati bo‘lmasligi uchun harakat qildik. Qonun hozirda 79 moddadan iborat. Boshqa qonunlarni ochib qarasangiz, ko‘pi bilan 40 modda bo‘ladi.

Lekin bu qonun aynan hajm jihatdan ham kattaroq. Biz “katta bo‘lib ketyapti” deb ham o‘tirmadik. “Mayli ko‘p bo‘lsin, lekin tartibga soladigan yagona hujjat bo‘lsin” dedik. Shu maqsadda yurdik.

— Eskrou tizimi 2025-yil iyulidan ixtiyoriy, 2026-yil yanvaridan majburiy qilinishi aytilgandi. Shunda hozirgacha tizim ishladimi? Qayerlarda ishladi, qanday tartibda ishladi, huquqiy asosi bo‘lmasa, qaysi huquqiy asosga ko‘ra ishladi? Shu bo‘yicha ham ma’lumotlar, statistika bo‘lsa, ma’lum qilolasizmi?

— Amalda ulushli qurilish sohasi prezidentning 2020-yilda qabul qilingan 4737-sonli qarori bilan tartibga solib kelinayotgan edi. Bu qarorga ko‘ra, har bir qurilish obyektida maxsus elektron platformadan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi, u bo‘yicha imzolanayotgan har bir ulush shartnoma elektron axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tishi kerakligi belgilangandi.

Lekin eskrou hisobvaraq tizimi emas. Bu tizim ishlagan. Bugungi kunda ham ishlab kelmoqda. Masalan, Qurilish vazirligining elektron axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tgan obyektlar ham, ro‘yxatdan o‘tgan shartnomalar ham bor.

Ularning soni mingdan ortiq. Lekin proporsional olib qaraganimizda, bizda qurilish sohasi juda katta. Qurilayotgan joylar ko‘p, ulushli shartnomalar kam. Chunki qonunchiligimizda aynan fuqarolik kodeksi va boshqa qonun hujjatlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, fuqarolar shartnoma tuzishda erkin.

Bugungi kunda aynan qurilishda nafaqat ulushli qurilish shartnomalari, balki investitsiya shartnomalari, kelgusida sotib olish shartnoma turlari bor. Bular orqali fuqarolardan pul mablag‘lari jalb etilgan.

Lekin aynan prezidentning 4732-son qarorida ulushli ishtirok etish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan. Bu turdagi shartnomalarning ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi, notarial tasdiqlanmaganligi, hech qayerda hisobi yuritilmaganligi bois, pullar asosan boshqa turdagi shartnomalar bilan jalb qilib kelinmoqda edi.

Biz qonun loyihasida aniq qat’iy belgilab qo‘ydikki, bundan buyog‘iga faqat ulushli ishtirok etish shartnomasi imzolanadi. Boshqa turdagi shartnomalarda fuqarolarni ulushdor sifatida kiritmoqchi bo‘lishsa, boshqa turdagi shartnomalar imzolanishini taqiqlab qo‘ydik.

Hatto, investor sifatida ham ishtirok etmaydi. Shu yerda aniqlik kiritsam, investor sifatida ishtirok etayotgan shaxs loyiha tugagandan so‘ng, umumiy foydadan o‘zining qismini olishi kerak. Bu pul ko‘rinishida bo‘ladi. Lekin shu kungacha shunday shartnomalar bo‘lgan va uning oxirida loyihadan keladigan umumiy foyda emas, ma’lum bir kvartirani olish degan jumla ko‘rsatib o‘tilgan. Shu jihatdan qurilish obyekti bitkazilgandan so‘ng fuqarolar ulush sifatida umumiy loyihadan o‘zining mablag‘ini emas, aynan kvartirani olishgan.

Bu mazmunan ulushli qurilish shartnomasi hisoblanadi. Biz bunday usulda davom etiladigan bo‘lsa, soha tartibsizligicha qolaverishini aniqlab, bundan buyog‘iga faqat ulushli ishtirok etish shartnomasini kirityapmiz.

Kvartira olmoqchi bo‘lsa faqat ulushli ishtirok etish shartnomasi imzolaydi. Agar kvartira olmasdan, foyda qismini oladigan bo‘lsa, kvartira ko‘rinishida emas, faqat pul ko‘rinishida bo‘ladi. Bu vaziyatda investitsiya shartnomasini imzolasa bo‘ladi.

— Shunda ulushdor sifatida ishtirok etadigan bo‘lsa, xaridor qanday toifaga kiritiladi?

— Iste’molchi sifatida kiritiladi. Shunda uning huquqlari alohida qonunchilik bilan himoya qilinishi kerak. Agar investor bo‘ladigan bo‘lsa, uning huquqlari shundoq ham himoya qilingan.

Bizda “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun bor. Unda sohaga mas’ul vakolatli organ bor — Investitsiya va tashqi savdo vazirligi. Bu sohada ular o‘zlarini to‘liq tartibga solib kelishmoqda.

Lekin bugungi vaziyatda quruvchilar “bular investor emas, bular ulushdor” deyapti. Ulushdor bo‘lib, huquqlarini talab qilib kelishgan vaqtda esa “yo‘q, bular ulushdor emas, investor” deyishyapti.

Ya’ni ikki tomonga ikki xil talqin ketmoqda. Biz mana shu talqinlarning oldini olish, aniq bitta yo‘nalish belgilab berish maqsadida qonun loyihasida belgilab berdikki, kvartira olish maqsadida imzolanadigan shartnoma, ya’ni oxirgi oladigan narsasi kvartira bo‘ladigan bo‘lsa, bu ulushli shartnoma hisoblanadi.

— Senatga yuborilgan hujjatning oxirgi versiyasi jamoatchilikka e’lon qilindimi?

— Hujjatni ishlab chiquvchilardan biri sifatida aytishim mumkinki, u 2026-yilning aprel yoki may oyida jamoatchilik muhokamasiga e’lon qilingan edi. Ya’ni bu hukumatga, qonunchilik palatasiga kiritishdan oldin e’lon qilingan edi.

Undan so‘ng, deputatlar buni qabul qilgach, qonunchilik palatasi tomonidan qachon jamoatchilik muhokamasiga e’lon qilishidan to‘g‘risi xabarim yo‘q.

Albatta, ular hujjatni e’lon qilishi kerak, chunki xalqimiz kutyapti. Xalqimiz bu hujjat bilan tanishishlari lozim. Shu bois, tez kunlarda e’lon qilishlarini kutib qolamiz.

— Qonunda nimalar aks etyapti? Shular haqida batafsil aytib berolasizmi?

— Bu mexanizm haqida batafsil aytib berish imkonsiz, lekin qo‘ldan kelgancha aytib beraman. Qonun 14 bob, 79 ta moddadan iborat. Uning asosiy struktura jihatidan ketma-ketligini olsak, birinchi umumiy qoidalar kiritilgan.

Undan so‘ng, davlat siyosati, davlat tashkilotlarining huquq va vakolatlari, ulushli ishtirok etish shartnomasi va unga qo‘yiladigan talablar, ixtisoslashgan quruvchining o‘zi, vakolatli banklar, yagona axborot tizimi, eskrou hisobvaraqlari, ularning tuzilishi va yuritish tartiblari, javobgarlik kabi masalalardan iborat.

Qonunning asosiy maqsadi — fuqarolarning pul mablag‘lari, huquq va manfaatlarini himoya qilish. Huquq deganda ularning qurilish bozoriga kirib kelishi quruvchilar bilan shartnoma imzolab, kvartira sotib olish huquqlarini cheklamasligi kerak. Bu masalalar qonunda aniq belgilab o‘tildi.

Ikkinchisi — ularning manfaatlarini himoya qilish. Ular kiritayotgan pullarning himoyasi, kvartira olish, mablag‘larni qaytarishni kafolatlash asosiy maqsad sifatida belgilandi. Kvartira olishni kafolatlash mexanizmi doirasida qurilish ustidan nazorat, ya’ni davlat organlari, jamoatchilik, bank nazorati degan amaliyotlar ham joriy qilinyapti.

Ya’ni asosiy maqsad fuqaroning pulini ma’lum bir muddat ushlab turib “qurilish o‘xshamadi, mana pulingiz” deb qaytarib berish emas. Qurilishni oxirigacha yetkazib fuqaroga kvartirani topshirishdir.

Uchinchisi — qurilishni oxiriga yetkazish uchun dastlab quruvchini nazorat qilish, keyin moliyaviy jihatdan uni ta’minlash nazarda tutilyapti. Loyihaviy moliyalashtirish mexanizmi xorijiy amaliyotda juda keng tarqalgan. Ya’ni bank ma’lum bir summa sifatida pul kredit bermaydi. Qurilishni yakuniga yetkazish, ishlarni amalga oshirishni to‘liq moliyalashtirish mexanizmi loyihaviy moliyalashtirish deyiladi.

Ya’ni boshidan oxirigacha loyihaviy moliyalashtirish mexanizmi joriy qilinayotgan bo‘lib, bunda to‘g‘ri, tijorat banklari tomonidan har bitta obyekt alohida moliyalashtirib boriladi. Bank moliyaviy jihatdan nazorat, moliyaviy boshqaruvni o‘z qo‘liga oladi. Kerakli vaqtda pul chiqaradi, loyiha bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlar bo‘lsa pul berishni rad etadi.

Bundan keyingisi qurilishni nazorat qilishda bank davlat organlari va xalq o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi kerak. Bu ko‘prik yagona axborot tizimi orqali ta’minlanishi belgilamoqda. Tizimda banklar, fuqarolar, quruvchilar, davlat tashkilotlari — barchasi integratsiya qilinadi.

Ularning ma’lumotlari fuqarolarga ochiq e’lon qilib boriladi. Fuqarolar ham qurilishning har bir bosqichini to‘liqligicha nazorat qilib borishlari mumkin bo‘ladi. Bularning hammasi ochiq portalda bo‘ladi.

Bundan keyingi mexanizm — pullarning kafolati. Ya’ni bunda loyihaviy moliyalashtirishni moliyaviy manbai bo‘lishi kerak. Bu eskrou hisobvaraq tizimlarida aks ettiriladi.

Ya’ni fuqarolar tomonidan ular kiritayotgan pul mablag‘lari yagona maxsus vakolatli bankda ochiladi va hisobvaraqda yig‘iladi. Yig‘ilayotgan pullardan kelib chiqib bank kredit mablag‘ini berib boradi.

Qonunda oxirgi bosqich — fuqarolarning huquqlarini ro‘yxatdan o‘tkazish. Ya’ni boya aytib o‘tganimdek, har bir ulushli shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Kadastr organlarida davlat ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng, ularga alohida yangi huquq — talab qilish huquqi joriy qilinmoqda. Ya’ni hali mavjud bo‘lmagan obyektga nisbatan huquq paydo bo‘lmoqda. Bunaqasi O‘zbekiston qonunchiligida birinchi marta amalga oshirilmoqda.

Fuqarolar bu huquqidan bemalol foydalanishi, uni realizatsiya qilishlari mumkin. Masalan, siz qaysidir quruvchi bilan shartnoma imzoladingiz. Shartnoma ro‘yxatdan o‘tishi bilan sizda talab qilish huquqi paydo bo‘ladi.

Ma’lum bir muddatdan so‘ng sizga uy kerak bo‘lmay qolsa, bu huquqingizni boshqa shaxsga sotib, bemalol kiritgan pul mablag‘laringizni bankdan emas, o‘sha fuqarodan olib, u sizni o‘rningizga ulushdor sifatida o‘yinga kirib, siz o‘yindan chiqib ketishingiz mumkin.

Hozirgi kunda bunday amaliyot yo‘q. Bu yerda qulaylik yaratish maqsadida bitta shartnoma orqali ikkita huquq turi vujudga keladi. Birinchisi — kvartira qurilish jarayonida talab qilish, ikkinchisi — qurib bo‘lingandan so‘ng, mulk huquqi.

Shu mexanizmlarning hammasini o‘zi ichida qamrab olishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi deputatlarimiz tomonidan tasdiqlandi, qabul qilindi. Kelgusida qonun prezidentimiz tomonidan imzolangandan so‘ng, kuchga kirganda tizim bundan buyog‘i shu asosida ishlaydigan bo‘ladi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi

O‘xshash yangiliklar