23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Uzbekistan Airways yangicha salonli oltinchi Airbus A321neo samolyotini qabul qilib oldi (foto)

Boshqa 21.11.2026 21:56 0Gazeta
Uzbekistan Airways yangicha salonli oltinchi Airbus A321neo samolyotini qabul qilib oldi (foto)

Uzbekistan Airways kompaniyasi UK32106 registratsiya raqamiga ega yangi, hisob bo‘yicha oltinchi Airbus A321neo LR samolyotini qabul qilib oldi. O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi sharafiga bezatilgan layner 20-noyabr kuni kechqurun ishlab chiqaruvchining Gamburgdagi zavodidan to‘g‘ridan to‘g‘ri reys bilan Toshkentga yetib keldi. An’anaga ko‘ra, u suv arkasi bilan kutib olindi.

Yaqin vaqt ichida xuddi shunday yana bir samolyot yetib kelishi kutilmoqda, deya ma’lum qildi kutib olish marosimida Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov. Tadbirda transport vaziri Ilhom Mahkamov, Fransiya elchisi Ualid Fuk, Airbus va lizing beruvchi SMBC Aviation Capital (Irlandiya) kompaniyasi vakillari ham ishtirok etdi.

Yangi bortning A320/321 turidagi avvalgi laynerlardan asosiy farqi — sezilarli darajada yangilangan ekonom klass va mutlaqo yangi biznes klassdir. Samolyot 172 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan: biznes klassda 16 ta va ekonom klassda 156 ta o‘rin (avvalgi komponovkada 188 ta o‘rin, shu jumladan, ekonom klassda 172 ta o‘rin mavjud edi).

Birinchi bo‘lib o‘rindiqlar rangi e’tiborni tortadi: odatiy ko‘k rang o‘rniga qora rang tanlangan, o‘rindiq chetlari va xavfsizlik kamarlari esa to‘q qizil rangda. Biznes klass chetlariga ham qora fonda milliy uslubdagi yirik to‘q qizil naqshlar solingan.

Airbus’ning Airspace Premium konsepsiyasi asosidagi salonda shovqin izolyatsiyasi yaxshilangan va yuk javonlari (XL Bin) kengaytirilgan, yoritish ssenariylari esa parvozning turli bosqichlariga (kechki vaqt, qo‘nish va hokazo) qarab yorug‘lik muhitini moslashtirish imkonini beradi.

Ushbu turdagi samolyotlarning biznes klassida kompaniya ilk bor Thompson Aero Seating tomonidan ishlab chiqarilgan, 40 dyuymdan boshlanadigan oraliq masofaga ega, gorizontal holatga to‘liq yoyiladigan (Full Flat Bed) Vantage o‘rindiqlarini taklif etadi. Bungacha to‘liq yoyiladigan o‘rindiqlar faqat Boeing-787 Dreamliner samolyotlarida mavjud edi.

Ekonom klassda Collins Aerospace kompaniyasining 30 dyuymdan boshlanadigan oraliq masofaga ega ergonomik Meridian o‘rindiqlari o‘rnatilgan. O‘rindiqlar Rave Aerospace kompaniyasining Rave Ultra ko‘ngilochar tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, biznes klassda diagonali 17,3 dyuymli, ekonom klassda esa 13,3 dyuymli individual LED ekranlar mavjud.

Yangi A321neo samolyotida, shuningdek, Airbus`ning HBCPlus yechimi va NSG kompaniyasi texnologiyalari asosida yuqori tezlikdagi internetga ulanish uchun takomillashtirilgan uskunalar o‘rnatilgan.

Kompaniya boshqaruvi raisi o‘rinbosari Shuhrat Yodgorov Gazeta bilan suhbatda kompaniyada tanlangan salon konfiguratsiyasi eng muvaffaqiyatli yechimlardan biri deb hisoblanishini aytdi. O‘rindiqlar yo‘lovchilar qulayligini hisobga olgan holda joylashtirilgan, to‘liq yoyiladigan o‘rindiqlar esa, ayniqsa, uzoq masofali parvozlarga nisbatan talabchanligi ortib borayotgan biznes segment yo‘lovchilarini jalb etishi kerak.

Yaqin vaqt ichida samolyot muntazam reyslarni amalga oshirishga kirishadi. Bunday laynerning biznes klassidagi chiptalar narxi hozircha avvalgidek qoladi. Bunday samolyotlar soni ko‘paygach, narx qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Full Flat Bed o‘rindiqlari mavjudligi chipta sotib olinayotganda ko‘rinib turadi.

Bu dunyodagi eng yirik samolyot lizingi beruvchilaridan biri bo‘lgan (1000 dan ortiq samolyotga ega) SMBC Aviation Capital kompaniyasidan 2024-yilda buyurtma qilingan ikkita samolyotning birinchisidir. Dublin kompaniyasi uchun bu O‘zbekistonga amalga oshirilgan ilk yetkazib berish hisoblanadi. Ikkinchi layner ham bitkazilgan bo‘lib, u joriy yil oxiri yoki kelasi yil boshida yetib kelishi kerak, deya ma’lum qildi Gazeta`ga SMBC Aviation Capital’ning Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasi bo‘yicha ijrochi vitse prezidenti Kora Makkormak. Lizing shartnomasi 12 yilga tuzilgan.

Airbus korporatsiyasining Markaziy Osiyodagi asosiy mijozlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Damiyen Kyusak Uzbekistan Airways aviaishlab chiqaruvchi bilan 1993-yildan beri hamkorlik qilib kelayotganini eslatib o‘tdi. Aviatashuvchi 2022-yildan buyon A321neo samolyotlaridan foydalanadi. Hozirda uning flotida Airbus A320/A321 oilasiga mansub jami 25 ta layner mavjud bo‘lib, ularning 9 tasi A320 va 10 tasi A320neo modifikatsiyasidagi samolyotlardir.

2028-yil oxirigacha Uzbekistan Airways ushbu turdagi samolyotlar sonini 15 taga yetkazish maqsadida boshqa lizing kompaniyasi — CALC (China Aircraft Leasing Group) orqali yana oltita A321neo olishni rejalashtirgandi.

O‘xshash yangiliklar