23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi tekshiruvlar oʻtkazish tartibi tasdiqlandi

Siyosat 20.11.2026 00:00 0Norma
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi tekshiruvlar oʻtkazish tartibi tasdiqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining buyrugʻi (18.11.2026 y. AV roʻyxat raqami 3978-son) Davlat organlari va tashkilotlarining   komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan korrupsiya holatlari hamda ularning oldini olish yuzasidan tekshiruvlarni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

 

Hujjat davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash va ularning oldini olish maqsadida ichki nazorat tuzilmalari tomonidan tekshiruvlar oʻtkazish tartibini belgilaydi.

 

Nizom talablari Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Vazirlar Mahkamasi, MSK, sud hokimiyati, prokuratura, ichki ishlar, mudofaa, favqulodda vaziyatlar, bojxona, Milliy gvardiya va Davlat xavfsizlik xizmati organlariga tatbiq etilmaydi.

 

Tekshiruvlar rejali va rejadan tashqari oʻtkaziladi.

 

Rejali tekshiruvlar tarkibiy boʻlinmalar tomonidan bajariladigan funksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlar darajasiga qarab quyidagi davriylikda tashkil etiladi:

• korrupsiyaviy xavf-xatarlar darajasi "past" boʻlgan lavozimlarda – ikki yilda bir marta;

• korrupsiya xavfi "oʻrtacha" darajadagi lavozimlarda – yiliga bir marta;

• korrupsiya xavfi "yuqori" boʻlgan lavozimlarda – yiliga ikki marta.

 

Rejadan tashqari tekshiruvlar korrupsiya omillari toʻgʻrisida ichki va tashqi manbalardan olingan axborot, ma’lumotlar va yoʻriqnomalar asosida oʻtkaziladi.

 

Tekshiruvlarni oʻtkazish muddati 25 ish kunidan oshmasligi kerak.

 

Ishchi guruh tarkibiga kamida uch nafar a’zo kirishi kerak. Tekshirish davomida ichki nazorat tuzilmasi quyidagi huquqlarga ega:

• axborot va ma’lumotlar bazalaridan foydalanish;

• davlat organlari va boshqa tashkilotlardan hujjatlar va materiallarni soʻrash va olish;

• tegishli hujjatlar va materiallar bilan tanishish maqsadida ob’yektlarga toʻsiqsiz kirish huquqiga ega boʻlish.

 

Tekshirish natijalari boʻyicha tuzilgan hisobot ichki nazorat tuzilmasi tomonidan davlat organi va tashkilotining birinchi rahbariga yoki uning korrupsiyaga rioya etish va ichki nazorat masalalari boʻyicha oʻrinbosariga (maslahatchisiga) koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi.

 

Hisobot taqdim etilgan paytdan boshlab ikki ish kuni mobaynida uning talablarga muvofiqligi tekshiriladi. Soʻngra tekshirilayotgan tarkibiy boʻlinmaga kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish topshirilishi kerak.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.11.2026 yildan kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova

 


O‘xshash yangiliklar