23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Eksport va import kvotalari: ularni taqsimlashning yangi qoidalari

Siyosat 12.11.2026 00:00 0Norma
Eksport va import kvotalari: ularni taqsimlashning yangi qoidalari

Vazirlar Mahkamasining 06.11.2026 yildagi 610-son qarori bilan Tashqi iqtisodiy faoliyatda mahsulotlarning eksport va importini miqdoriy cheklovlar orqali tartibga solish toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

 

Hujjat JSTga a’zo boʻlish jarayonini jadallashtirishga doir Prezidentning 02.06.2023 yildagi PQ-181-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi. Miqdoriy cheklovlar deganda taqiqlar, kvotalar, litsenziyalash va boshqa ma’muriy choralar tushuniladi, bojxona bojlari, soliqlar va yigʻimlar bundan mustasno.

 

Nizomda cheklovlarni joriy etishning 17 ta asosi nazarda tutilgan, jumladan, oziq-ovqat yetishmovchiligi, milliy xavfsizlik, hayot va sogʻliqni muhofaza qilish. Cheklovlar kamsitmaydigan, imkon qadar vaqtinchalik boʻlishi va sabab bartaraf etilgach bekor qilinishi lozim.

 

Kvotalar «aralash taqsimot» yoki «birinchi kelgan – birinchi oladi» usulida taqsimlanadi. Aralash usulda kvota hajmining 50 foizi an’anaviy import qiluvchilar (eksport qiluvchilar) oʻrtasida soʻnggi uch yildagi ulushiga mutanosib ravishda, qolgan 50 foizi esa navbat asosida taqsimlanadi.

 

Mahsulot importi yoki eksportida kamida 5 foiz ulushga ega boʻlgan TIF ishtirokchilari an’anaviy hisoblanadi. Oy davomida foydalanilmagan hajm avtomatik ravishda umumiy navbatga oʻtkaziladi, kvotadan voz kechilganda esa Bojxona qoʻmitasini kvota amal qilish muddati boshlanishidan kamida uch kalendar kun oldin xabardor qilish kerak.

 

Bojxona yuk deklaratsiyasini my.gov.uz orqali taqdim etish kvotadan foydalanish boʻyicha soʻrov hisoblanadi, navbat esa deklaratsiya qabul qilingan sana va vaqtga qarab belgilanadi. Bir kunda kvota qoldigʻidan koʻp hajmga deklaratsiya berilsa, qoldiq mutanosib ravishda taqsimlanadi.

 

Kvotaning umumiy, foydalanilgan va erkin qoldiq hajmi, shuningdek, deklaratsiyalar navbati Bojxona qoʻmitasining «Yagona darcha» tizimida real vaqt rejimida aks ettiriladi.

 

Tijorat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar oshkor etilmaydi.

 

Deklaratsiyaga tashqi savdo shartnomasi (kontrakt), hisob-faktura (invoys) va (yoki) yuk hujjatlari, mahsulotning nomi, TIF TN kodi va tavsifi ilova qilinadi, ular boʻlmasa, deklaratsiya rad etiladi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir ish kuni beriladi.

 

Hujjatlarni soxtalashtirish, notoʻgʻri ma’lumotni takroran taqdim etish, bojxonani xabardor qilmasdan kvotadan foydalanmaslik kabi qoʻpol buzilishlar uchun talabgor 12 oygacha kvotalar taqsimotida ishtirok etishdan cheklanishi mumkin. Tugatish yoki bankrotlik jarayoni boshlangan talabgorlarga kvotalar ajratilmaydi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va Oʻzbekiston Respublikasi Jahon savdo tashkilotiga rasman a’zo boʻlgan sanadan boshlab kuchga kiradi. 

 

Ilxam Ibragimov

 


O‘xshash yangiliklar