23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Ekstremizm uchun javobgarlik choralari oʻzgartirildi

Siyosat 05.11.2026 00:00 0Norma
Ekstremizm uchun javobgarlik choralari oʻzgartirildi

02.11.2026 yildagi OʻRQ-1185-son Qonun bilan Jinoyat kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga va bir qator qonunlarga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Jinoyat kodeksida «diniy ekstremizm» soʻzlari «ekstremizm» soʻzi bilan almashtirildi. Ilgari ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarni tuzish, ularga rahbarlik qilish va ularda ishtirok etish bir xil – besh yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanar edi. Endi ishtirok etish uchun besh yildan oʻn yilgacha, tuzish va rahbarlik qilish uchun esa oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan.

 

Ekstremistik materiallarni saqlash, tarqatish yoki namoyish etishda ishtirok etgan shaxs, agar u bu haqda hokimiyat organlariga oʻz vaqtida xabar bersa yoki boshqa usul bilan ogʻir oqibatlar yuzaga kelishining oldini olishga faol koʻmaklashsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

 

Ilgari ekstremistik materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash va saqlash jinoiy javobgarlikka, jumladan, BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha jarima solishga sabab boʻlar edi. Endi birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun ma’muriy jarima: fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha, mansabdor shaxslarga 100 baravaridan 150 baravarigacha musodara bilan yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq nazarda tutilgan (MJtKning 184⁵-m.). Jinoiy javobgarlik huquqbuzarlik ma’muriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan taqdirda kelib chiqadi.

 

«Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Qonun sezilarli darajada toʻldirildi. Ilgari taqiqlangan tashkilotlar va faoliyati toʻxtatilgan yuridik shaxslar roʻyxatlari Adliya vazirligi va Oliy sudning veb-saytlarida e’lon qilinar edi. Endi Adliya vazirligi ochiq elektron reyestr yuritadi, unga ekstremistik materiallar va ularni muntazam tarqatuvchi internet manbalar ham kiritiladi.

 

Ilgari qonunda materiallarni ekstremistik deb kim topilishi belgilanmagan, sud qarori bilan yuridik shaxs faoliyatini toʻxtatib turish muddati cheklanmagan edi. Endi buni Bosh prokurorning arizasiga koʻra Oliy sud amalga oshiradi, yuridik shaxsning faoliyati bir yilgacha muddatga toʻxtatib turiladi. Qaror ustidan shikoyat 72 soat ichida beriladi va u qaror ijrosini toʻxtatib turmaydi.

 

Ekstremizmga oid jinoyatlar uchun sudlangan shaxslar sudlanganlik holati tugallanganiga yoki olib tashlanganiga qadar ma’rifiy, jurnalistlik faoliyati, psixologik yordam koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullana olmaydi va ommaviy axborot vositasining muassisi boʻla olmaydi. Ekstremistik faoliyatga oid holatlar toʻgʻrisida xabar bergan shaxslar davlat tomonidan himoya qilinadi va ragʻbatlantirilishi mumkin.

 

Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 03.11.2026 yildan kuchga kirdi.

 

Ilxam Ibragimov

 


O‘xshash yangiliklar