23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Idoralar oʻz buyruqlari bilan yangi yigʻimlar va litsenziyalarni joriy eta olmaydilar

Siyosat 23.11.2026 00:00 0Norma
Idoralar oʻz buyruqlari bilan yangi yigʻimlar va litsenziyalarni joriy eta olmaydilar

Vazirlar Mahkamasining 19.11.2026 yildagi 629-son qarori bilan Vazirliklar va idoralar tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy ekspertizadan va davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom yangi tahrirda bayon etildi.

 

Oʻzgartirishlar “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq kiritildi. Jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi, idoralararo tusga ega yoki boshqa tashkilotlar uchun majburiy boʻlgan idoraviy hujjatlar davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.

 

Idoraviy hujjatlarga yangi turdagi soliq va yigʻimlarni, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini joriy etadigan normalarni kiritish taqiqlanadi. Shuningdek, yangi imtiyoz va javobgarlik choralarini, asoslanmagan xarajat va toʻlovlarni belgilash, korporativ munosabatlarni va xoʻjalik birlashmalari vakolatiga kiruvchi masalalarni tartibga solish mumkin emas.

 

Tadbirkorlik tartib-taomillarini murakkablashtiradigan yoki tadbirkorlarga yangi majburiyatlar yuklaydigan idoraviy hujjat rasmiy e’lon qilinganidan kamida uch oy oʻtgach kuchga kiradi. Boshqa hujjatlar, agar ularda kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

 

Loyiha ishlab chiqilishidan oldin idora hujjatni qabul qilishning yaqqol zarurati va muammoni usiz hal qilish imkoniyatini oʻrganishi lozim. Yangi qonunchilikka muvofiqlashtirish va davlat sirini oʻz ichiga olgan hujjatlardan tashqari barcha loyihalar jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi.

 

Adliya vazirligi huquqiy ekspertizani 20 kun ichida oʻtkazadi, bu muddat yana 10 kungacha uzaytirilishi mumkin. Loyiha jamoatchilik muhokamasida jismoniy va yuridik shaxslarning asosli e’tirozlariga sabab boʻlsa, davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etilishi mumkin

 

Davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etilgan hujjat rad etilgan vaqtdan e’tiboran bekor qilingan hisoblanadi. Agar idora Adliya vazirligining talabiga koʻra roʻyxatdan oʻtgan hujjatni oʻn kun ichida oʻzgargan qonunchilikka muvofiqlashtirmasa, hujjat Davlat reyestridan chiqarilishi va yuridik kuchini yoʻqotishi mumkin.

 

Davlat roʻyxatidan oʻtmagan normativ tusdagi hujjat qoʻllanilayotgani aniqlansa, Adliya vazirligi uni oʻn kun ichida bekor qilishni talab qiladi. Vazirlik bunday hujjatning noqonuniyligi haqidagi axborotni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilishga haqli.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.11.2026 yildan kuchga kirgan.

 

Ilxam Ibragimov

 


O‘xshash yangiliklar