Jarima 60 kunda toʻlanmasa, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtiriladi

Ichki ishlar vazirining buyrugʻi (05.11.2026 y. AVda 3969-son bilan roʻyxatga olingan) bilan Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma tasdiqlandi.
Yoʻriqnoma Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga nisbatan qoʻllaniladi va 2011 yildan buyon amalda boʻlgan Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning oʻrnini egallaydi.
Bayonnoma inspektor tomonidan joyida planshet orqali «Ma’muriy amaliyot» modulida rasmiylashtiriladi. Huquqbuzarning shaxsi biometrik ma’lumotlar orqali aniqlanadi, bayonnoma esa elektron imzo yoki barmoq izi bilan tasdiqlanadi.
Qogʻoz shaklidagi bayonnoma faqat ayrim hollarda, masalan, huquqbuzar aybini inkor etganda yoki hududda aloqa boʻlmaganda tuziladi. Jarimani joyida undirish qat’iyan taqiqlanadi.
Ish 15 kun ichida koʻrib chiqiladi, koʻrib chiqish joyi va vaqti haqidagi xabarnoma YaIDXPdagi shaxsiy kabinetga yoki mobil ilovaga yuboriladi. Qaror ustidan 10 kun ichida yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.
Jarima 60 kun ichida toʻlanishi kerak. Agar u toʻlanmasa, avtomashina haqidagi ma’lumotlar inspektorlarning planshetlarida aks etadi va haydovchi jarimani joyida toʻlamasa, avtomashina bayonnoma rasmiylashtirilmasdan jarima maydonchasiga joylashtiriladi.
Kameralar orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar uchun avtomashina mulkdori javobgar boʻladi, takroriylik esa inobatga olinmaydi. Agar kameradan ma’lumotlar markazga 48 soatdan kechroq kelib tushsa, ish tugatiladi.
Ayrim huquqbuzarliklar uchun 2 ballgacha jarima balli hisoblanadi va ular bir yildan keyin yechiladi. Agar bir yilda 12 balldan ortiq toʻplansa, ish qoʻshimcha jazo qoʻllash uchun avtomatik ravishda sudga yuboriladi.
Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 07.01.2027 yildan kuchga kiradi.
Ilxam Ibragimov



