Kriminogen vaziyat ustidan raqamli nazorat joriy etilmoqda

Prezidentning 06.11.2026 yildagi «Respublikada kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash sohasida samarali raqamli nazorat, tahlil va prognozlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-241-son Farmoni qabul qilindi.
Hujjatda koʻzda tutilgan asosiy maqsadlar:
• sun’iy intellekt yordamida jinoyatchilik dinamikasini oldindan prognoz qilishga, xavf omillarini barvaqt aniqlash va bartaraf etishga oʻtish;
• xavflarni tahlil qilish mexanizmlarini, aholida xavfsizlik hissi va yashirin jinoyatchilik indikatorlarini joriy etish;
• jinoyatlarning barvaqt oldini olish sohasidagi davlat organlari mas’uliyatini natijadorlik mezonlari asosida baholash.
Jinoyatlarning sabablari, mas’ul idoralar, mansabdor shaxslar va bartaraf etish choralarining elektron reyestrini yuritishni, shuningdek koʻrilgan choralar natijalarini inson omilisiz oylik, yarim yillik va yillik nazorat qilishni nazarda tutuvchi Kriminogen ma’lumotlar yagona platformasi ishlab chiqiladi.
2027 yil yakuniga qadar Platformani eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Olmazor tumanida, 2028 yildan boshlab esa respublikaning barcha hududlarida ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Har yili quyidagilar oʻtkaziladi:
• aholi oʻrtasida milliy viktimologik soʻrovnoma;
• aholining xavfsizlik hissi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga boʻlgan ishonchi boʻyicha sotsiologik soʻrovnoma;
• yoshlar, voyaga yetmaganlar, ayollar, ilgari sudlangan va probatsiya hisobida turuvchi shaxslar, shuningdek «qizil» toifaga kiritilgan mahallalar masalalari boʻyicha manzilli kriminologik tadqiqotlar.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
• 2026-2030 yillarda kriminogen vaziyatni tahlil qilish va jinoyatchilik dinamikasini prognozlash faoliyati samaradorligini oshirish konsepsiyasi;
• 2026-2027 yillarda kriminogen vaziyatni tahlil qilish, jinoyatchilik dinamikasini prognozlash va xavfga asoslangan nazorat tizimini joriy etish boʻyicha «Yoʻl xaritasi».
Bundan tashqari, Kriminogen vaziyatni tahlil qilish boshqarmasi negizida Bosh prokuraturaning Kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlashni nazorat qilish boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tashkil etilmoqda.
Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 07.11.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



