23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Madaniyat va san’at sohasida grantlar olish uchun tanlov qanday tashkil etiladi

Siyosat 17.11.2026 00:00 0Norma
Madaniyat va san’at sohasida grantlar olish uchun tanlov qanday tashkil etiladi

Madaniyat vazirining buyrugʻi (11.11.2026 y. AV roʻyxat raqami 3972-son) bilan Madaniyat va san’at sohasida grant ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

 

Hujjat 21.04.2026 yildagi "Madaniyat va san’at sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-150-son qarorga muvofiq ishlab chiqilgan.

 

Nizom madaniyat va san’at sohasida nodavlat va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida tanlov asosida grantlar ajratish tartibini belgilaydi.

 

Hujjat quyidagilarni belgilaydi: 

• arizalar va loyihalarni koʻrib chiqadigan hamda grant gʻoliblarini aniqlaydigan tanlov komissiyasini shakllantirish tartibi;

• tanlov oʻtkazish tartibi;

• tanlovda ishtirok etish talablari va ishtirokchilarni tanlovdan chetlashtirish;

• loyihalarni baholash va grant gʻoliblarini aniqlash mezonlari;

• grant mablagʻlaridan foydalanish va ularni qaytarish monitoringi tartib-taomillari;

• shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi.

 

Tanlov quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha oʻtkaziladi:

• teatr, sirk, musiqa, raqs, nomoddiy madaniy meros, kino va animatsiya, shuningdek, madaniy ta’lim sohasida;

• adabiy asarlar yaratish, madaniyat va ijtimoiy sohalarda inklyuzivlik;

• startaplar va ijodiy loyihalar;

• innovatsiyalar, sun’iy intellekt va raqamlashtirish.

 

Tanlovni tashkil etish uchun "ERP culture" yagona boshqaruv tizimi doirasida "madaniyatgrant.uz" qoʻshimcha platformasi yaratildi.

 

Grant mablagʻlari grant bitimida koʻrsatilgan bank hisob raqamiga quyidagi tartibda oʻtkaziladi:

• birinchi transh – grant bitimi tuzilgan kundan boshlab 15 ish kuni ichida grant summasining 50 foizi miqdorida;

• ikkinchi va uchinchi transhlar – grant bitimida koʻrsatilgan bosqichlarda samaradorlikning asosiy koʻrsatkichlariga erishilgandan soʻng hamda ishchi organ tomonidan oraliq hisobotlar koʻrib chiqilib, tanlov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangandan soʻng, har biri grant summasining 25 foizi miqdorida.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.11.2026 yildan kuchga kirdi.

 

                       Lola Abduazimova

 


O‘xshash yangiliklar