Madaniyat va san’at sohasidagi nufuzli tanlovlar gʻoliblari taqdirlanadi

Vazirlar Mahkamasining 11.11.2026 yildagi "Madaniyat, san’at va adabiyot sohasidagi nufuzli xalqaro va respublika tanlovlarida ijodkorlarning ishtirokini oshirish hamda qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 617-son qarori qabul qilindi.
Madaniyat, san’at va adabiyot sohasidagi nufuzli xalqaro va respublika tanlovlarining gʻolib va sovrindorlari davlat byudjetidan quyidagi miqdorlarda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:
- Gran-pri va 1-oʻrin – nufuzli xalqaro tanlov uchun 300 mln soʻm, respublika tanlovi uchun 100 mln soʻm;
- 2-oʻrin – nufuzli xalqaro tanlov uchun 200 mln soʻm, respublika tanlovi uchun 50 mln soʻm;
- 3-oʻrin – nufuzli xalqaro tanlov uchun 100 mln soʻm, respublika tanlovi uchun 25 mln soʻm.
Shuningdek, bir yil davomida tanlov gʻolib va sovrindorlarini tayyorlagan oʻqituvchi va konsertmeysterning oylik maoshiga 100 foiz miqdorida davlat byudjetidan mukofot puli toʻlanishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, nufuzli xalqaro tanlovlar gʻoliblari (sovrindorlari) va ularning oʻqituvchilari (akkompaniatorlari)ning tanlovlarda ishtirok etishi bilan bogʻliq barcha xarajatlar qoplab beriladi.
Umumiy oʻrta ta’lim maktablari va bolalar musiqa va san’at bilim yurtlari oʻqituvchilariga oʻquvchilarning musiqa cholgʻularini bilish darajasidan kelib chiqib, har oyda 20 foizgacha ustama toʻlanadi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladigan madaniyat, san’at va adabiyot sohasidagi tanlovlar "ERP Culture" yagona boshqaruv tizimining milliy platformasiga kiritiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.11.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



