23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Mahalliy Kengashlarning qaror qabul qilish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflik yanada oshadi

Siyosat 18.11.2026 00:00 0Norma
Mahalliy Kengashlarning qaror qabul qilish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflik yanada oshadi

Prezidentning 16.11.2026 yildagi "Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyati kafolatlarini kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PF-247-son Farmoni qabul qilindi.

 

Hujjatda koʻzda tutilgan maqsadlar:

• xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining hisobotlarini (axborotini) eshitish tizimini takomillashtirish;

• mahalliy Kengashlar deputatlari maqomi va faoliyatining asosiy kafolatlarini yanada kengaytirish;

• mahalliy Kengashlarning qaror qabul qilish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash.

 

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari oʻz hisobotini mahalliy Kengashga belgilangan muddatda shaxsan taqdim etishlari va mahalliy Kengashlarning sessiyalarida ularning faoliyati toʻgʻrisidagi masalalar koʻrib chiqilayotganda shaxsan ishtirok etishlari kerak.

 

Mahalliy Kengashlar deputatlari har chorakda bir marta saylov okruglaridagi muammolarni aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, mahalliy Kengashlar sessiyalari kun tartibidagi birinchi navbatdagi masala sifatida, qoida tariqasida, hokim va uning oʻrinbosarlari, tegishli hududdagi boshqa mansabdor shaxslar bilan muhokama qilishi lozim.

 

Bundan tashqari, 2028 yil uchun mahalliy byudjetlar loyihasini shakllantirishda hududlar toifasidan kelib chiqib, mahalliy byudjetlar xarajatlarining uch foizdan besh foizgacha qismini bevosita mahalliy Kengashlar deputatlarining tashabbuslari asosida yoʻnaltirish tartibi joriy etilmoqda.

 

Hujjat bilan mahalliy Kengashlar deputatlarining byudjet tashabbuslarini kelgusi yil uchun byudjet soʻrovini shakllantirish muddatlaridan kamida bir oy oldin shakllantirish tartibi belgilandi.

 

Shuningdek, mahalliy Kengash deputatlarining deputatlik darajasidan (viloyat, tuman, shahar) kelib chiqib, tegishli viloyat, tuman va shahar hududida joylashgan korxona, muassasa va tashkilotlarga moneliksiz kirish huquqlari amalga oshiriladi.

 

Shu bilan birga, mahalliy Kengashlarga oʻz qarorlarida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarmagan yoki belgilangan tartibda hisobot (axborot) taqdim etmagan mansabdor shaxslarni egallab turgan lavozimiga noloyiq deb topish yoki intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomani yuqori turuvchi organga kiritish vakolati berilmoqda.

 

Mahalliy Kengashlar qarorlarini qabul qilish jarayonlarida qonuniylik va ochiqlikni ta’minlash maqsadida 2026 yil 1 dekabrdan boshlab yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan qabul qilinadigan hujjatlar loyihalari huquqiy ekspertizadan oʻtkaziladi.

 

Bundan tashqari, 2027 yil 1 yanvardan boshlab mahalliy kengashlar sessiyalarida fuqarolar sessiya ishiga aralashish huquqisiz kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi nazarda tutilgan.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 17.11.2026 yildan kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova

 


O‘xshash yangiliklar