23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Mahkumlar koloniyalarda oliy va kasbiy ta’lim olish imkoniyatiga ega boʻladi

Siyosat 19.11.2026 00:00 0Norma
Mahkumlar koloniyalarda oliy va kasbiy ta’lim olish imkoniyatiga ega boʻladi

Prezidentning 16.11.2026 yildagi PQ-397-son qarori bilan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarni ozodlikka tayyorlash va  ijtimoiylashuvini ta’minlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi.

 

Jinoyat-ijroiya kodeksi kasbiy ta’limni mahkumlarni axloqan tuzatishning asosiy vositalaridan biri sifatida belgilagan. Hujjatda har yili kamida 15–20 ming nafar mahkumni talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish va 2030 yilga borib kasbiy ta’lim bilan qamrov darajasini 60 foizga yetkazish maqsad qilingan.

 

2027/2028 oʻquv yilidan boshlab mahkumlar kirish imtihonlarini bevosita koloniyalarda topshirishi, oliy ta’lim tashkilotlariga kirishi va toʻlov-kontrakt asosida masofaviy shaklda oʻqishi mumkin boʻladi. Mashgʻulotlar uchun koloniyalarda videokonferensaloqa vositalari bilan jihozlangan xonalar ajratiladi.

 

Koloniyalardagi kasbga oʻqitish markazlari Kasbiy ta’lim agentligiga oʻtkaziladi va texnikumlar etib qayta nomlanadi. Ularda kasbga oʻqitish bepul boʻlib, dastur yoki oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga davlat namunasidagi diplom yoki sertifikat beriladi.

 

Texnikumlar tashkil etilmagan koloniyalarga yaqin hududdagi texnikumlar biriktiriladi, ayrim nazariy mashgʻulotlar esa masofaviy shaklda oʻtkazilishi mumkin. Mahkumlar amaliyotni koloniyalardagi ishlab chiqarish korxonalarida oʻtaydi.

 

Mahkumlarni oʻqitishga jalb etilgan pedagoglarga malaka toifasidan qat’i nazar umumta’lim maktabining oliy toifali oʻqituvchisi stavkasi boʻyicha soatbay haq toʻlanadi. Unga 35 foiz miqdorida ustama ham toʻlanadi.

 

Yosh mahkumlar orasidan saylov yoʻli bilan yoshlar faollari tanlanadi va ular Yoshlar ishlari agentligi volontyorlar guruhi a’zosi boʻladi. Ular har chorakda Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan BHMning 3 baravari miqdorida ragʻbatlantiriladi.

 

Diplom yoki sertifikat olgan mahkumlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar ozod etilishidan kamida bir oy oldin Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga taqdim etiladi. Bu ularni oʻzlashtirgan kasbi boʻyicha ishga joylashtirish uchun zarur.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2026 yil 17 noyabrdan kuchga kirgan.

 

Ilxam Ibragimov

 


O‘xshash yangiliklar