Mukofot jamgʻarmasi 5 mln AQSh dollari boʻlgan xalqaro startaplar tanlovini oʻtkazishga tayyorgarlik boshlandi

Vazirlar Mahkamasining 28.10.2026 yildagi "Land of Startups" xalqaro tanlovini tashkil etishga doir chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 593-son qarori qabul qilindi.
Maqsad – xorijiy startap-loyihalar va ularning asoschilarini Oʻzbekistonga keng jalb qilish orqali innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish, texnologiyalar transferini faollashtirish va respublikani mintaqaning "startap-xab"iga aylantirish.
Umumiy sovrin jamgʻarmasi 5 million dollarni tashkil etuvchi "Startaplar makoni" raqamli texnologiyalar tanlovi 2027 yil aprel oyidan boshlab oʻtkaziladi.
Hujjat bilan "Startaplar makoni" xalqaro tanlovini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom, shuningdek tashkiliy qoʻmita tarkibi tasdiqlandi, uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
• "Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi" MChJ tomonidan taqdim etilgan tanlov va baholash mezonlarini tasdiqlash hamda tanlovning maxsus portalida e’lon qilinishini ta’minlash;
• tanlovning shaffof, halol va adolatli oʻtkazilishini ta’minlash hamda gʻoliblarni taqdirlash marosimini tashkil etish;
• gʻoliblarning startap loyihalarini ijtimoiy-sanoat sohasida amalga oshirishda, shuningdek, xorijiy bozorlarga chiqishda yordam berish.
Tanlov 5 ta yoʻnalish boʻyicha oʻtkaziladi:
• Sun’iy intellekt texnologiyalari – sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan turli sohalar uchun yechimlar;
• Ijtimoiy sohadagi raqamli texnologiyalar – ta’lim, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalardagi operatsion jarayonlarni raqamlashtirishga qaratilgan loyihalar;
• Moliyaviy texnologiyalar – elektron tijorat, korporativ yechimlar va moliyaviy texnologiyalarni yaratishga qaratilgan loyihalar;
• Kreativ industriya hamda kompyuter va mobil oʻyinlar uchun dasturlar;
• B2B va sanoat uchun yechimlar – sanoat sohalari uchun moʻljallangan, bir vaqtning oʻzida ilmiy tadqiqotlar natijalariga asoslangan innovatsion yuqori texnologiyali yechimlar.
Tanlov gʻoliblariga shartnomada va kelishuv shartlarida belgilangan eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda venchur moliyalashtirish ajratiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.10.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



