Nogironligi boʻlgan shaxslar reabilitatsiya markazlariga qanday yoʻllanma olishlari mumkin

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining qarori bilan (13.11.2026 y. AV roʻyxat raqami 3974-son) Nogironligi boʻlgan shaxslarni navbat asosida reabilitatsiya qilish va protezlash markazlariga yoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlarini olish uchun Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi va uning hududiy markazlariga rotatsiya asosida yuborish tartibini belgilaydi.
Nizom talablari reabilitatsiya markazlari tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarga shartnoma (toʻlov) asosida koʻrsatiladigan reabilitatsiya xizmatlariga tatbiq etilmaydi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya markazlariga yuborish "Yagona milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimining "Reabilitatsiya moduli" orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya markazlariga yuborish rotatsiya asosida quyidagi davriylikda amalga oshiriladi:
– ambulator davolanish uchun:
• belgilangan muddatga nogironlik belgilanganda –kalendar yilida uch marta;
• nomuayyan muddatga nogironlik belgilanganda – kalendar yilida ikki marta;
– statsionar davolanish uchun:
• belgilangan muddatga nogironlik belgilanganda – har yarim yilda bir marta;
• nomuayyan muddatga nogironlik belgilanganda – kalendar yilida bir marta.
Reabilitatsiya markazlariga yoʻllanma olish uchun nogironligi boʻlgan shaxs yoki uning qonuniy vakili YaIDXP, "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari, ijtimoiy xodimlar orqali yoki bevosita oilaviy shifokorga murojaat qiladi.
Soʻrovnoma axborot tizimiga kiritilgandan soʻng ariza beruvchining imzosi tegishli identifikatsiya vositalari (daktiloskopiya, elektron raqamli imzo, mobil identifikatsiya, Face ID va boshqalar) bilan tasdiqlanadi.
Soʻrovnomani tekshirish va yoʻllanmalar berish hamda reabilitatsiya xizmatlari bepul taqdim etiladi.
Soʻrovnoma elektron reyestrda roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay nogiron biriktirilgan oilaviy shifokorning axborot tizimidagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Oilaviy shifokor soʻrovnoma olingan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish sanasi, vaqti va joyini belgilaydi hamda bu haqda ariza beruvchini xabardor qiladi. Tibbiy koʻrik nogiron xabardor qilingan paytdan e’tiboran besh ish kuni ichida oilaviy shifokor tomonidan oʻtkaziladi.
Axborot tizimi reabilitatsiya markazlariga yuborilgan nogironligi boʻlgan shaxslarning navbat roʻyxatini shakllantiradi. Ariza beruvchi oʻz navbatining holati toʻgʻrisidagi ma’lumotni real vaqt rejimida "Inson" markazi xodimlari, ijtimoiy xodimlar yoki oilaviy shifokordan, shuningdek YaIDXP yordamida olishi mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 14.11.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



