23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Qoraqalpogʻistonda 5 mlrd dollar investitsiya jalb etish va 513 mingta ish oʻrnini yaratish rejalashtirilmoqda

Siyosat 09.11.2026 00:00 0Norma
Qoraqalpogʻistonda 5 mlrd dollar investitsiya jalb etish va 513 mingta ish oʻrnini yaratish rejalashtirilmoqda

Prezidentning 05.11.2026 yildagi «Qoraqalpogʻiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-393-sonli qarori qabul qilindi.

 

2027 yildagi asosiy maqsadlar:

  • yalpi hududiy mahsulotning 108 %ga, sanoat ishlab chiqarishining 107 %ga, bozor xizmatlarining 117 %ga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishining 105 %ga va qurilish ishlarining 113 %ga oʻsishi;
  • eksport hajmini 550 mln dollarga oshirish va umumiy investitsiyalar hajmini ikki baravarga oshirib, 5 mlrd dollarga yetkazish;
  • 125 mingta kam ta’minlangan oiladan 513 ming kishini yuqori daromadli ish oʻrinlariga joylashtirish;
  • yashil energiya yaratish orqali uglerod kreditlarini iqtisodiy aktivlarga aylantirish;
  • qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan 17 ming gektar yerni iqtisodiy muomalaga kiritish, shuningdek choʻl hududlarida 20 ming gektar maydonda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish;
  • 2026 yil yakuniga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasini ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish.

 

Zamonaviy massivlar barpo etish va ijtimoiy infrastrukturani takomillashtirish

 

Xususan, zamonaviy koʻp kvartirali uylar, savdo va biznes markazlari, mehmonxonalar, bogʻlar, yashil hududlar, favvoralar, sport maydonchalari, ijtimoiy ta’minot muassasalari va boshqa ob’yektlarni, shu jumladan «aqlli shahar» yechimlarini barpo etish rejalashtirilmoqda.

 

Shuningdek, «15 daqiqalik shahar» tamoyili boʻyicha jamoat transportini joriy etish uchun sharoitlar yaratiladi.

 

50 ming kishiga moʻljallangan 270 gektar maydonda ilgʻor arxitektura yechimlari va energiya tejovchi texnologiyalardan foydalangan holda «Nukus-siti»ni loyihalashtirish va qurish Toshkent shahar hokimligi koʻmagida Yangi Toshkent tajribasi asosida amalga oshiriladi.

 

Shu tariqa, Nukus shahrining «Nur» va «Elobod» mahallalarida obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, kapital ta’mirlash va qurilish ishlari uchun Toshkent shahri byudjetining orttirib bajarilgan qismi hamda Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 100 mlrd soʻm ajratiladi.

 

Aholining dolzarb muammolarini tezkorlik bilan hal etish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasining 2026-2027 yillarga moʻljallangan ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

 

Qishloq xoʻjaligi va chorvachilikni rivojlantirish

 

Hujjatda 20 ming gektar choʻl hududlarida ozuqa yetishtirish sohasida Misr tajribasini joriy etish nazarda tutilgan. Bunda Misrdan tegishli mutaxassislar va texnologiyalar jalb etiladi hamda Osiyo taraqqiyot bankining yaylovlarni qayta tiklash uchun ajratilgan kredit va grant mablagʻlarining tegishli qismi ushbu loyihani moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

 

Yaylovlarni qayta tiklash va chorvachilik boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun «Uzagrostar» xoldingi muassisligida «Boʻzatov Agrostar» kompaniyasi tashkil etiladi. «Boʻzatov Agrostar» dronlardan foydalangan holda oʻtlar va yaylov ekinlari urugʻlarini granulyatsiya va inkapsulyatsiya qilish hamda ekishni amalga oshiradi.

 

«Yashil sanoat koridori – intellektual iqtisodiyot uchburchagi»ni yaratish

 

Axborot texnologiyalari va logistika sohasida 20 ming nafar yoshlar oʻqitiladi, shuningdek ushbu sohada yangi korxonalar va startaplar ishga tushiriladi.

 

Shuningdek, olis hududlardagi yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida oʻqitish va 1,5 mingta yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratish uchun xorijdan Qoraqalpogʻistonga kamida 10 nafar iqtidorli vatandoshlarni jalb etish rejalashtirilmoqda.

 

Orol dengizi hududida 50 ming gektar maydonda oʻrmonlarni bosqichma-bosqich qayta tiklash loyihasi ishga tushiriladi.

 

«Xomashyo – tayyor mahsulot – eksport» zanjirini yaratish

 

Qoʻngʻirot tumanining «Barsakelmes» tuz konlari hududida tashkil etilgan, tuzni qayta ishlashga ixtisoslashgan «Qoʻngʻirot tuz hududi» sanoat zonasini boshqarish uchun Tuz resurslaridan foydalanish direksiyasi tashkil etilmoqda.

 

Direksiyaning asosiy vazifalari:

  • elektron onlayn-auksionlar uchun yer uchastkalarini joylashtirish, loyihalar amalga oshirilishini monitoring va nazorat qilish, shuningdek sanoat zonasini boshqarish bilan bogʻliq boshqa funksiyalarni bajarish;
  • tuz konlaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, tuz xomashyosi zaxiralarini baholash va yagona raqamli ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
  • tuz xomashyosi qazib olinadigan hududlarda tuz konlarini qayta tiklash uchun zarur sharoitlar yaratish hamda konchilik uchastkalarini bosqichma-bosqich rekultivatsiya qilish va doimiy monitoring olib borish;
  • mahalliy tuz ishlab chiqaruvchilarga muammolarni hal etishda, shu jumladan milliy brendni yaratish va tashabbuslarni ilgari surishda yordam koʻrsatish.

 

Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 06.11.2026 yildan kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova

 


O‘xshash yangiliklar