Sport sohasi raqamlashtirilmoqda: zallar – MySport orqali, diplomlar – QR-kod bilan

Prezidentning 16.11.2026 yildagi PQ-396-son qarori bilan sport sohasini raqamlashtirish va samarali boshqaruv tizimini joriy etish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Davlat jismoniy tarbiya-sport muassasalari va sport federatsiyalari “ERP sport” tizimiga sportchilar, murabbiylar va sport tadbirlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni majburiy tartibda kiritadi. Ularning rahbarlari ushbu ma’lumotlarning oʻz vaqtida kiritilishi va ishonchliligi uchun shaxsan javobgar boʻladi.
“MySport” ilovasida pullik xizmat koʻrsatadigan davlat va nodavlat sport tashkilotlarining bino va inshootlarini soatbay, kunbay, oylik va yillik tariflar asosida band qilish hamda toʻlash imkoniyati yaratiladi. Ilovada tashkilotlar reytinglari, tariflar, inshootlar joylashuvi va aksiyalar haqidagi ma’lumotlar ham joylashtiriladi.
2027 yil 1 fevraldan Sport vazirligi tizimidagi sport-ta’lim muassasalarining pullik xizmatlari uchun toʻlovlar “ERP sport”ning Markaziy bank “MUNIS” tizimi bilan integratsiyasi orqali yagona hisob-kitob raqamiga tushadi. Mablagʻlar avtomatik ravishda taqsimlanadi: 80 foizi – muassasaga, 10 foizdan – Sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va “Raqamlashtirish va sertifikatlashtirish markazi” MChJga.
2027 yil 1 yanvardan musobaqa gʻoliblari va sovrindorlariga diplomlar va sertifikatlar “ERP sport” orqali QR-kod bilan elektron shaklda beriladi. Davlat muassasalarining sport zallari va stadionlarida smart-kameralar oʻrnatiladi, ularning davomat va mashgʻulotlar sifatiga oid ma’lumotlari sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi.
Sport maktablari biriktirilgan holda umumta’lim maktablarida olimpiya yakka kurash va jamoaviy sport turlari boʻyicha kamida bittadan toʻgarak tashkil etiladi. 2027 yildan maktablarga yakka kurash uchun universal gilamlar yetkazib berish uchun har yili 5 mlrd soʻmgacha mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Respublika oliy sport mahorati maktablari negizida Olimpiya terma jamoalari markazi tashkil etiladi. Markaz murabbiylariga har oylik ustamalar ular tayyorlagan sportchilarning nufuzli xalqaro musobaqalardagi natijalariga qarab belgilanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining sport boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi. Bir vaqtning oʻzida Milliy olimpiya qoʻmitasi hududiy boʻlinmasining ijrochi direktori maslahatchi etib belgilanadi.
Shuningdek, Prezidentning 2022 yil 3 noyabrdagi PQ-414-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritildi. Endi olimpiya, paralimpiya, Osiyo va Para Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha respublika chempionlarining oldingi yilning 1 iyulidan yangi kalendar yilning 30 iyunigacha boʻlgan davrda erishgan natijalari inobatga olinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 16.11.2026 yildan kuchga kirdi.
Ilxam Ibragimov



