23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Suv uchun toʻlov – faqat pul oʻtkazish yoʻli bilan, jarimalar va chet elga chiqish haqidagi ma’lumotnomalar – onlayn va bepul

Siyosat 23.11.2026 00:00 0Norma
Suv uchun toʻlov – faqat pul oʻtkazish yoʻli bilan, jarimalar va chet elga chiqish haqidagi ma’lumotnomalar – onlayn va bepul

Vazirlar Mahkamasining 19.11.2026 yildagi 629-son qarori bilan Hukumatning bir qator qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari koʻrsatish qoidalarida toʻlovlar bank kartalari yoki elektron toʻlov tizimlari orqali amalga oshirilishi belgilandi. Barcha guruh iste’molchilaridan toʻlovlarni naqd pulda undirish taqiqlanadi, bank kassalaridagi toʻlovlar bundan mustasno.

 

Ma’lumotnomalar berish boʻyicha yagona reglamentga real vaqt rejimida beriladigan 10 ta bepul ma’lumotnoma qoʻshildi. Ular orasida shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻi, notarial harakatlar va ERI tarixi, yoʻl harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari, xorijga chiqish, davlat ulushiga ega va majburiy auditdan oʻtgan korxonalar haqidagi ma’lumotnomalar bor.

 

Tugʻilish, farzandlikka olish, nikoh, nikohdan ajratish yoki familiyasi, ismi, ota ismini oʻzgartirishni qayd etishda FHDYo organi ariza beruvchining xohishiga koʻra boshqa xizmatlar boʻyicha arizalarni ham birdaniga yuborishi mumkin. Masalan, poliklinikaga hisobga qoʻyish, yashash joyi boʻyicha roʻyxatga qoʻyish, bogʻchaga navbatga qoʻyish, ID-karta, xorijga chiqish pasporti va haydovchilik guvohnomasini almashtirish.

 

Endi kemalarni va temir yoʻl harakatdagi tarkibini roʻyxatga olish, yoshlarning IT-sertifikatlar xarajatlarini qoplash, yarim tayyor zargarlik buyumlarini olib chiqish uchun asillik nazorati inspeksiyasi xulosasini olish va boshqa xizmatlar uchun Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish mumkin. Markaz natijani kelib tushganidan keyin 10 daqiqa ichida ariza beruvchining elektron pochtasiga yuboradi.

 

Arxitektura kengashi a’zolari loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini “Shaffof qurilish” tizimida 7 ish kuni ichida kelishishi shart. Muayyan shart bilan kelishish taqiqlanadi, kengash a’zosi muddatida javob bermasa, hujjat kelishilgan hisoblanadi.

 

Respublika va xalqaro musobaqalar yoki olimpiadalarda 1-oʻrinni olgan muddatli harbiy xizmatchilar kvota doirasida IIV, DXX, Milliy gvardiya va harbiy oliy ta’lim muassasalariga test sinovlarisiz qabul qilinadi. Olimpiya va Osiyo oʻyinlari dasturidagi sport turlari boʻyicha gʻoliblar Jismoniy tarbiya va sport universitetiga davlat granti asosida imtihonsiz qabul qilinadi.

 

Hujjat Qonun hgʻujjatlari  ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.11.2026 yildan kuchga kirdi.

 

Ilxam Ibragimov

 


O‘xshash yangiliklar