Tekshiruvlar oʻrniga yongʻin auditi: savdo markazlari va bozorlar yongʻindan sugʻurtalanadi

02.11.2026 yildagi OʻRQ-1186-son Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks, «Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida»gi va «Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida»gi qonunlarga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritildi.
«Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida»gi Qonunda yongʻin auditi xususidagi qoʻshimchalar mustahkamlandi. Uni Favqulodda vaziyatlar vazirligida akkreditatsiyadan oʻtgan tashkilotlar shartnoma asosida oʻtkazadi, ijobiy xulosa olinganda esa davlat yongʻin nazorati organlari bir yil davomida ob’yektni tekshirmaydi, tezkor tekshiruvlar bundan mustasno.
Bozorlar, savdo komplekslari va savdo-koʻngilochar markazlarining mulkdorlari uchinchi shaxslar oldidagi fuqarolik javobgarligini hamda ob’yektlarning oʻzini yongʻindan majburiy sugʻurta qilishi shart. Bu majburiyatni bajarmaganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, takroran sodir etilganda esa 75 baravaridan 100 baravarigacha jarima qoʻllash nazarda tutilgan.
Tekshiruvlar ob’yektning yongʻin xavfi guruhiga qarab oʻtkaziladi: 1-guruh ob’yektlarida bir yilda, 2-guruhda ikki yilda, 3-guruhda uch yilda koʻpi bilan bir marta, 4-guruhda esa murojaatlar asosida. Tadbirkorlik sub’yekti faoliyatini oʻn ish kunidan ortiq muddatga toʻxtatib turish faqat sud orqali amalga oshiriladi.
Ilgari qonunda faqat fuqarolarning yongʻin tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi huquqi mustahkamlangan edi. Endi hayot va sogʻliqqa zarar yetkazilganda sud aybdorning zimmasiga qoʻshimcha ravishda tovon toʻlash majburiyatini yuklatishi mumkin: vafot etganda – BHMning 3000 baravarigacha, I guruh nogironligi yuzaga kelganda – 1500 baravarigacha, sogʻliqqa boshqacha zarar yetkazilganda – 600 baravarigacha.
Balandligi 28 metrdan ortiq binolar uchun qoʻshimcha talablar belgilandi: tutun qoplamaydigan zinalar, yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari uchun liftlar, fasadni yonmaydigan materiallar bilan pardozlash. Binolar va inshootlar funksional yongʻin xavfi boʻyicha beshta sinfga (F1–F5) boʻlindi.
Mansabdor shaxsning shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartibiga qonunga xilof ravishda aralashishi BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha jarima yoki 15 sutka qamoqqa, takroran sodir etilganda esa ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha boʻlgan jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi. Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida suyultirilgan gazni maishiy ballonlarda berish BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima bilan jazolanadi.
Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 05.02.2027 yildan kuchga kiradi.
Ilxam Ibragimov



