Texnogen favqulodda vaziyatlardan koʻrilgan zararni baholash va qoplash qanday amalga oshiriladi

Vazirlar Mahkamasining 03.11.2026 yildagi 606-son qarori bilan Texnogen favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni baholash va kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom quyidagi tartiblarni belgilaydi:
• zararni aniqlash va baholashni tashkil etish;
• yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha arizalarni qabul qilish;
• favqulodda vaziyatlar natijasida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash.
Texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarga quyidagilar kiradi:
• transport avariyalari va halokatlari;
• tarkibida kimyoviy xavfli va portlovchi moddalar boʻlgan ob’yektlardagi avariyalar;
• energetika va kommunal tizimlardagi avariyalar;
• qurilish konstruksiyalarining tasodifan buzilishi;
• radioaktiv va boshqa xavfli hamda atrof-muhit uchun zararli moddalardan foydalanish yoki ularni saqlash bilan bogʻliq avariyalar;
• gidravlik avariyalar va halokatlar.
Qoidalar quyidagi hollarda qoʻllanilmaydi, agar:
• uy, bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mulkni oʻzboshimchalik bilan buzish va davlat reyestridan chiqarmaslik;
• turar joy va noturar joy binolarining yuk koʻtaruvchi konstruksiyalariga tasdiqlangan loyiha hujjatlariga zid ravishda oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirishlar kiritilishi;
• turar joy yoki noturar joy binosi kapital ta’mirga muhtoj, ammo zarur ta’mirlash ishlari amalga oshirilmagan boʻlsa;
• jismoniy shaxslar ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishda texnik yoki yongʻinga qarshi me’yorlarga rioya qilmasa.
Favqulodda vaziyat tufayli yetkazilgan zararni aniqlash va baholash uning koʻlamiga qarab:
• respublika va transchegaraviy darajalarda – Hukumat komissiyasi tomonidan;
• hududiy va mahalliy darajalarda – hududiy komissiyalar tomonidan.
Respublikaning barcha tuman (shahar) hokimliklari yurisdiksiyasida texnogen favqulodda vaziyatlar natijasida aholiga yetkazilgan zararni qoplash jamgʻarmasi tashkil etiladi. Jamgʻarma mablagʻlari Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlar byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjeti, shuningdek tumanlar va shaharlar byudjetlari, shuningdek ularning zaxira jamgʻarmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Kompensatsiya, zararni qoplash va bir martalik moliyaviy yordam Jamgʻarmadan quyidagi hollarda toʻlanadi:
• favqulodda vaziyatda aybdor shaxslar sud tomonidan belgilangan tartibda aniqlangunga qadar boʻlgan davr mobaynida;
• favqulodda vaziyatda aybdor deb topilgan yuridik shaxslar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan yetkazilgan zararni belgilangan muddatda toʻliq qoplash imkoni boʻlmagan hollarda.
• jabrlangan shaxslar favqulodda vaziyat yuzaga kelgan kundan boshlab 30 kun mobaynida tegishli komissiyaga belgilangan shakldagi arizani taqdim etadilar.
Bir martalik moddiy yordam aybdor deb topilgan yuridik shaxslar yoki ularning mansabdor shaxslari hisobidan komissiya hujjatiga muvofiq va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari asosida quyidagi shaxslarga toʻlanadi:
• favqulodda vaziyat natijasida halok boʻlgan fuqarolarning oila a’zolariga (eri (xotini), bolalari, ota-onasi va qaramogʻidagi shaxslarga) – har bir oila a’zosiga teng ulushlarda BHMning 500 baravarigacha miqdorda;
• favqulodda vaziyat natijasida ogʻir tan jarohati olgan fuqarolarga – BHMning 200 baravarigacha, oʻrtacha ogʻir tan jarohati olganlarga – BHMning 150 baravarigacha, yengil tan jarohati olganlarga – BHMning 100 baravarigacha.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 04.11.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



