23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Tibbiyotga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi

Siyosat 05.11.2026 00:00 0Norma
Tibbiyotga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi

Prezidentning 04.11.2026 yildagi "Sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirishda xususiy sektor ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-392-son qarori qabul qilindi.

 

Hujjatda koʻzda tutilgan maqsadlar:

• sogʻliqni saqlash tizimini yagona strategik rejalashtirish asosida rivojlantirish, davlat va xususiy sektorning rolini, ularning tibbiy xizmatlarda ishtirok etishining maqbul va samarali mexanizmlarini belgilash;

• 2030 yilgacha klinik va yordamchi xizmatlarni xususiy sektordan autsorsing asosida xarid qilish hajmini bosqichma-bosqich 30 foizga yetkazish;

• 2030 yilgacha kamida 5 ta yirik tibbiyot tashkilotiga xususiy investitsiyalar va DXSh, xorijiy boshqaruv kompaniyalarini jalb qilish.

 

2027 yil 1 yanvardan boshlab sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha uzoq va qisqa muddatli master-rejalar asosida tibbiy xizmatlarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olgan holda xususiy sektorni jalb qilish mexanizmlari joriy etiladi.

 

Bunda kafolatlangan yordam koʻrsatish uchun tibbiyot muassasalari davlat ixtiyorida saqlab qolinadi.

 

2027 yil 1 yanvardan boshlab tibbiyot muassasalarida xizmatlarni autsorsing asosida xususiy sektordan xarid qilishning yangi tartibi joriy etiladi. Autsorsing shartnomalari xizmatning oʻziga xosligi va investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda 5 yilgacha (ayrim hollarda 10 yilgacha) muddatga tuziladi.

 

Bunda, yangi tartib joriy etilgunga qadar amal qilish muddati tugaydigan autsorsing loyihalarini 2027 yil yakuniga qadar davom ettirishga ruxsat beriladi.

 

2027 yil 1 aprelga qadar autsorsing loyihalarini roʻyxatdan oʻtkazish, ularning hisobini yuritish va amalga oshirilishini monitoring qilish uchun "Tibbiyot autsorsingi" elektron axborot tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

 

Tibbiyot muassasalarini professional boshqaruvchilarga berish ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi. Bunda ularning faoliyati har yili samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida baholanadi.

 

Sogʻliqni saqlash vazirligi har yili 1 noyabrga qadar master-reja asosida xususiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga va DXSh mexanizmlari doirasida amalga oshiriladigan ustuvor loyihalar roʻyxatini shakllantiradi hamda uni oʻz veb-saytida e’lon qiladi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 04.11.2026 yildan kuchga kirdi.

 

                        Lola Abduazimova

 


O‘xshash yangiliklar