23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Toʻlovga qobiliyatsizlik ishlari onlaynga oʻtadi: 1 dekabrdan nima oʻzgaradi

Siyosat 17.11.2026 00:00 0Norma
Toʻlovga qobiliyatsizlik ishlari onlaynga oʻtadi: 1 dekabrdan nima oʻzgaradi

Vazirlar Mahkamasining 11.11.2026 yildagi 616-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Toʻlovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

 

Agentlik Prezidentning 2026 yil 6 maydagi PF-78-son Farmoni bilan tashkil etilgan boʻlib, toʻlovga qobiliyatsizlik sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. Uning hududiy boʻlimlari Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat yuritadi.

 

2026 yil 1 dekabrdan boshlab toʻlovga qobiliyatsizlik jarayonlarini onlayn monitoring qilish imkonini beradigan Toʻlovga qobiliyatsizlik ishlarini yuritishning yagona elektron platformasi ishga tushiriladi. U “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilgan ma’lumotlar majburiy e’lon qilinadigan rasmiy manba hisoblanadi.

 

E’lonlar toʻlov toʻliq amalga oshirilgandan keyin mas’ul shaxslar tomonidan platformadagi shaxsiy kabinet orqali elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda joylashtiriladi. Ular davlat tilida real vaqt rejimida e’lon qilinadi va boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin.

 

Qarzdorning moliyaviy holati va boshqa holatlarni inobatga olgan holda Agentlik toʻlovni kechiktirishi yoki ish yakunlangandan keyin toʻlashga ruxsat berishi mumkin. E’lonlar uchun toʻlovlar miqdori Agentlik tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

 

Sud boshqaruvchilari uchun platformadan foydalanganlik uchun har oylik abonent toʻlovi joriy etiladi. Boshqaruvchining attestati amal qilishi toʻxtatilsa, toʻlovning foydalanilmagan qismi uning uchun saqlanadi va attestat tiklanganidan keyin amal qiladi.

 

Agentlik davlat oldida qarzi boʻlgan yuridik shaxslarga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqida ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat etishga haqli. Har qanday toʻlovga qobiliyatsizlik ishida u sudga boshqaruvchi nomzodini taqdim etishi yoki soxta yoxud qasddan toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlarini aniqlash uchun ekspertiza tayinlash haqida iltimosnoma kiritishi mumkin.

 

Shuningdek, Agentlik sud boshqaruvchisiga muassis, mol-mulk egasi yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsni subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisida ariza kiritish haqida koʻrsatma berishi mumkin. Qoidabuzarliklar uchun sud boshqaruvchilariga ogohlantirish beriladi, moliyaviy jarima qoʻllaniladi, malaka attestati toʻxtatiladi yoki bekor qilinadi.

 

Agentlik toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonidagi va toʻlovga qobiliyatsiz deb topilgan yuridik va jismoniy shaxslar reyestrini yuritadi. Shaharni tashkil etuvchi korxonalar reyestri alohida yuritiladi.

 

Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.11.2026 yildan kuchga kirgan, Yagona elektron platformaga oid qoidalar esa 01.12.2026 yildan kuchga kiradi.

 

Ilxam Ibragimov

 


O‘xshash yangiliklar