Volontyorlik kadrlar zaxirasiga va ishga kirishga yordam beradi

Prezidentning 06.11.2026 yildagi PF-240-son Farmoni bilan volontyorlik faoliyatini yanada ommalashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilindi.
Volontyorlik faoliyati «Ezgulikka qadam» shiori ostida umummilliy harakat sifatida rivojlantiriladi. «Fidoyi volontyor» koʻkrak nishoni ta’sis etilmoqda, 5 dekabr – Xalqaro volontyorlar kuni keng nishonlanadi, shuningdek, Osiyo volontyorlar forumi muntazam oʻtkaziladi.
Volontyorlik harakatini ommalashtirish va volontyorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Vasiylik kengashi tashkil etiladi. U volontyorlikni rivojlantirish yoʻnalishlarini belgilaydi, uslubiy yordam koʻrsatadi hamda ushbu sohada davlat organlari va NNTlar faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Prezidentning 20.04.2026 yildagi PF-66-son Farmoni bilan Yoshlar ishlari agentligi huzurida tashkil etilgan Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari, jumladan, volontyorlik loyihalari uchun grantlarga hamda NNT va volontyorlik guruhlari loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.
2027 yildan boshlab yoshlar uchun «Service Learning» qisqa muddatli kurslari, oliy ta’lim tashkilotlari talabalari va texnikum oʻquvchilari uchun esa «Professional volontyorlik» dasturi tashkil etiladi. 2026/2027 oʻquv yilida ayrim hududlardagi texnikumlarda tajriba tariqasida volontyorlik boʻyicha maxsus oʻquv kurslari joriy etiladi.
Ikki yillik faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishgan volontyorlar Vasiylik kengashi tavsiyasiga koʻra davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab tajriba tariqasida «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimi lavozimiga ishga qabul qilishda malaka koʻrsatkichlari teng boʻlganda volontyorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi nomzodga ustunlik beriladi.
«Volontyor.uz» platformasi takomillashtiriladi: unda volontyor faoliyati tarixi aks etgan «ijtimoiy faollik kartalari», shuningdek, «ijtimoiy tokenlar» (raqamli ballar) hisoblash va ulardan moddiy hamda boshqa ehtiyojlar uchun foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 06.11.2026 yildan kuchga kirgan.
Ilxam Ibragimov



