23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Xususiy maktabdagi korreksion sinf: davlat har bir bola uchun oyiga BHMning 11 baravarigacha subsidiya toʻlaydi

Siyosat 17.11.2026 00:00 0Norma
Xususiy maktabdagi korreksion sinf: davlat har bir bola uchun oyiga BHMning 11 baravarigacha subsidiya toʻlaydi

Vazirlar Mahkamasining 12.11.2026 yildagi 619-son qarori bilan Alohida ta’lim ehtiyoji boʻlgan bolalarga nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta ta’lim xizmatlarini koʻrsatish xarajatlarini subsidiyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

 

Hujjat Prezidentning 04.08.2026 yildagi PQ-292-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi. Bola korreksion sinfga psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi asosida qabul qilinadi.

 

Subsidiya olish uchun maktab Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy boshqarmasi bilan ikki oʻquv yili muddatiga bitim tuzadi. Ariza “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali beriladi, litsenziya, pedagoglar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari va ularning diplomlari esa avtomatik tarzda tekshiriladi.

 

Joyiga chiqqan holda oʻrganilgandan soʻng boshqarma xulosa rasmiylashtiradi va bitimni imzolaydi, maktabga imzolash uchun uch ish kuni beriladi. Rad etish asoslari roʻyxati qat’iy: litsenziya, mos bino yoki defektolog pedagoglar yoʻqligi, notoʻgʻri ma’lumotlar va boshqalar.

 

Bir bola uchun toʻliq oylik subsidiya Toshkent shahrida BHMning 11 baravari, viloyatlar markazi va Nukus shahrida  BHMning 9,5 baravari, boshqa tuman (shahar)larda BHMning 8,5 baravari miqdorida belgilandi. Summa bolaning haqiqatdagi davomat kunlariga mutanosib ravishda hisoblanadi va keyingi oy boshida maktab hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.

 

Davomat kuniga bir marta soat 08:00 dan 18:20 gacha maktab geolokatsiyasi hisobga olingan holda biometrik identifikatsiya orqali qayd etiladi. Sinf geolokatsiyasidan tashqarida qayd etilgan davomat subsidiyani hisoblashda inobatga olinmaydi.

 

Korreksion sinfda bir xil turdagi nuqsonga ega koʻpi bilan 12 nafar bola boʻlishi mumkin, har bir sinfga maxsus pedagog va yordamchi xodim (assistent-oʻqituvchi) jalb etiladi. Umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlari uchun belgilangan yosh me’yoridan ikki yilga oshgan bolalarni qabul qilishga ruxsat etiladi.

 

Subsidiya hisobidan koʻrsatiladigan ta’lim uchun ota-onalardan haq undirish taqiqlanadi. Ota-onalar bilan tuzilgan shartnoma boʻyicha faqat qoʻshimcha xizmatlar, shu jumladan, 12 soatgacha boʻlgan ish rejimi pulli boʻlishi mumkin.

 

Subsidiya notoʻgʻri ma’lumotlar asosida olinganligi aniqlansa, moliya yilida toʻlangan barcha summa Jamgʻarmaga undiriladi. Boshqa bolaning fotosurati asosida davomat takroran belgilansa, bitim sud tartibida bekor qilinadi.

 

Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2026 yil 13 noyabrdan kuchga kirgan.

 

Ilxam Ibragimov

 


O‘xshash yangiliklar