Yirik shaharsozlik loyihalari uchun tenderlar qanday tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining 18.11.2026 yildagi 628-son qarori bilan Yirik shaharsozlik loyihalari uchun yer uchastkalarini eng yaxshi taklifni tanlash asosida realizatsiya qilish toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjat quyidagi tartiblarni belgilaydi:
• shaharsozlik sohasida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun "tartibga solish qumdoni" alohida huquqiy rejimi joriy etilgan hududlarda yuqori multiplikativ samara, investitsiyaviy, me’moriy va turistik jozibadorlikka ega boʻlgan tegishli toifadagi shaharsozlik ob’yektlariga yer uchastkalarini ochiq toʻgʻridan-toʻgʻri elektron tanlov ("Swiss challenge") uchun tayyorlash;
• tanlovga arizalarni topshirish va baholash, uning natijalarini rasmiylashtirish;
• tanlov oʻtkazilmagan deb e’tirof etilganda, shuningdek takroriy tanlov oʻtkazilganda;
• investitsiya bitimini rasmiylashtirish;
• tanlov davomida jamoatchilik nazorati.
"E-auksion" elektron savdo platformasida yirik shaharsozlik loyihalari uchun elektron modul hamda tanlov jarayonida avtomatik baholash mexanizmi ishga tushiriladi.
Direksiya interaktiv xaritada maxsus zonaning bosh rejasi, qurilishning batafsil rejasi va master-rejasi asosida auksion yoki tanlov asosida sotiladigan uchastkalarni aniqlaydi.
Tanlov tashabbuskori interaktiv xarita orqali investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun investitsiyalash shartlari koʻrsatilgan elektron investitsiya taklifini taqdim etadi.
Tender tashabbuskori tomonidan taqdim etilgan investitsiya taklifi Direksiya tomonidan koʻrib chiqiladi va maxsus zona konsepsiyasiga muvofiq deb topilgan loyihalar ochiq elektron tanlovga qoʻyiladi.
Tanlov e’lon qilinishidan oldin ishchi organ orqali Davlat komissiyasining roziligini olish kerak, u ob’yektni 30 kalendar kun ichida koʻrib chiqishi va tegishli xulosani taqdim etishi kerak.
Lot investitsiya taklifi asosida tuzilgan investitsiya bitimi loyihasi asosida ochiq tanlovga qoʻyiladi. Investitsiya bitimida nazarda tutilgan shartlar Davlat komissiyasi tomonidan ballar koʻrinishida belgilanadi va Direksiyaning rasmiy saytida e’lon qilinadi. Ballar "E-auksion" elektron savdo platformasida oʻrnatilgan algoritm asosida raqamli koʻrsatkichlar boʻyicha avtomatik tarzda hisoblanadi.
Eng yaxshi taklifga teng yoki undan yuqori narxni taklif etgan ishtirokchi tender gʻolibi boʻladi. Agar ishtirokchi besh kun ichida eng yaxshi taklifga teng yoki undan yuqori boʻlgan taklifni taqdim etmasa, eng yaxshi taklifni taqdim etgan ishtirokchi gʻolib boʻladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.11.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



