23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Yirik shaharsozlik loyihalariga qoʻshimcha imtiyozlar beriladi

Siyosat 12.11.2026 00:00 0Norma
Yirik shaharsozlik loyihalariga qoʻshimcha imtiyozlar beriladi

Prezidentning 10.11.2026 yildagi "Yangi Toshkent shahri va hududlarda yuqori multiplikativ samaraga ega yirik shaharsozlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-243-son Farmoni qabul qilindi.

 

Hujjat mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va turizm salohiyatini oshirish maqsadida Yangi Toshkent shahri va hududlarda qiymati 50 mln AQSh dollari va undan ortiq boʻlgan yirik shaharsozlik loyihalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. 

 

Shuningdek, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ma’muriy toʻsiqlar va byurokratik toʻsiqlarni toʻliq bartaraf etish maqsad qilingan. 

 

Maxsus hududlarda (tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha) shaharsozlik sohasidagi yirik investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha "tartibga solish qumdoni"ning maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi. 

 

Yangi Toshkent shahrini qurish direksiyasiga qonun hujjatlarida berilgan barcha vakolatlar, imtiyozlar, huquqlar boshqa maxsus hududlarni tashkil etish uchun mas’ul direksiyalarga ham tatbiq etiladi. Jumladan:

• hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish hujjatlariga qoʻyiladigan talablarni mustaqil belgilash va tasdiqlash;

• yer uchastkalarida quriladigan ob’yektlarni realizatsiya qilishda ularga qoʻyiladigan asosiy talablarni mustaqil belgilash;

• yer uchastkalarini realizatsiya qilishda har bir loyiha boʻyicha alohida texnik shartlarni belgilash.

 

Maxsus huquqiy rejim doirasida "davlat - investitsiyaviy hamkor" tamoyili asosida quyidagi imtiyoz va preferensiyalar taqdim etiladi: 

- maxsus huquqiy rejim doirasida shaharsozlik loyihasini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar loyiha ob’yektini ijaraga berish va realizatsiya qilish natijasida olingan foydadan quyidagi muddatlarda foyda soligʻini 1% stavka boʻyicha toʻlaydilar:

• toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hajmi kamida 50 mln dollar boʻlganda – 5 yil davomida;

• toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hajmi kamida 100 mln dollar boʻlganda – 10 yil davomida;

• toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hajmi kamida 500 mln dollarni tashkil etganda – 15 yil davomida.

– investitsiya hajmi kamida 50 mln dollar boʻlgan shaharsozlik loyihalari doirasida foydalaniladigan ob’yektlar boʻyicha yuridik shaxslar 20 yil muddatga mol-mulk soligʻi va yer soligʻi toʻlashdan ozod etiladi;

– shaharsozlik loyihasini amalga oshirish doirasida bosh pudratchi va bosh loyiha tashkiloti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni amalga oshirmaydigan xorijiy jismoniy va yuridik shaxslardan sotib olinadigan xizmatlar QQSdan ozod qilinadi;

– 2040 yil 1 yanvarga qadar shaharsozlik loyihasi doirasida investorlar (tashabbuskorlar) tomonidan olingan dividendlar koʻrinishidagi daromadlar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga reinvestitsiya qilingan taqdirda soliq solishdan ozod etiladi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 11.11.2026 yildan kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova

 


O‘xshash yangiliklar