Fransiya o‘z harbiylarini Ukrainaga yuborib, amalda mojaroga tortildi — Rossiya elchixonasi

TOShKENT, 17 noya — Sputnik. Fransiya Ukrainaga o‘z harbiylarini yuborib, amalda Kiyev tomonida qurolli mojaroga tortildi. Rossiyaning Parijdagi elchixonasi RIA Novostiga Fransiyaning RFI xalqaro radiosi e’lon qilgan surishtiruvni shunday izohladi.
Elchixona Moskva Ukrainadagi xorijiy harbiy kontingentlarni Rossiya Qurolli kuchlari uchun qonuniy nishon deb hisoblashini eslatdi. Diplomatlar Fransiyaning Ukrainaga o‘z harbiylarini yuborishi ikki yadroviy davlat o‘rtasida bevosita to‘qnashuvga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Ukrainadagi "Volya" va Polshadagi "Jerfo"
RFI suhbatlashgan bir nechta manbaga ko‘ra, Fransiyaning "Volya" nomli maxfiy harbiy missiyasi Ukrainada kamida 2026-yil yozidan beri faoliyat yuritmoqda. Unga fransuz generali rahbarlik qiladi.
Harbiylar kichik guruhlarda qisqa muddatga borib, ukrainalik askarlarni o‘qitadi va harbiy texnikani soz holda saqlashga yordam beradi. RFI ma’lumotiga ko‘ra, missiyaga jangovar harakatlarda qatnashish vazifasi yuklanmagan.
Surishtiruvda Polshadagi "Jerfo" (Gerfaut) o‘quv missiyasiga alohida e’tibor qaratilgan. Fransiya 2023-yil fevralidan beri bu yerda Ukraina armiyasi uchun kichik komandirlar tayyorlaydi. Fransuz instruktorlari keyinchalik jangovar guruhlarga boshchilik qiladigan serjantlarni o‘qitadi.
RFI ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yildan buyon Polsha va Fransiyada jami 25 ming ukrainalik harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Radio manbalarining aytishicha, Polshadagi rasmiy missiya fransuz harbiylarining Ukrainada ham ishlayotganini sir saqlash uchun niqob vazifasini o‘tagan.
Ukrainadagi missiya zimmasiga nega texnikaga xizmat ko‘rsatish ham yuklangan? Fransiya Kiyevga "Caesar" artilleriya qurilmalari, "Mirage 2000" qiruvchi samolyotlari va yuqori aniqlikdagi raketalar yetkazib bergan.
Bu texnikani soz holda saqlash uchun malakali mutaxassislar kerak.
RFI ma’lumotiga ko‘ra, mojaro davom etayotgani sababli Fransiya armiyasi Ukrainaga o‘zining muntazam qismlarida xizmat qilayotgan harbiy mutaxassislarni yuborishga qaror qilgan.




