Qanotsiz parvoz: Samarqandda havo gimnastikasi bo‘yicha jahon chempionati o‘tmoqda

TOShKENT, 22 noya — Sputnik. Samarqandda havo-kuch gimnastikasi bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston, Rossiya, Belarus, AQSh, Braziliya, Turkiya va Qozog‘istondan kelgan sportchilar o‘z mahoratini namoyish etmoqda, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Bir necha metr balandlikda gimnastikachilar maxsus halqalar, mato tasmalar, kamarlar, arqonlar va pilonlarda murakkab akrobatik mashqlarni bajarmoqda. Ularning chiqishlarida kuch, egiluvchanlik, muvozanat va nafosat uyg‘unlashgan.
Sportchilar yakka tartibda va juftlikda bellashmoqda. Musobaqalar ikki yo‘nalishda — sport va badiiy yo‘nalishlarda o‘tkazilmoqda. Sport yo‘nalishida mashqlarning texnik murakkabligi va bajarilish mahorati, badiiy yo‘nalishda esa harakatlarning musiqa bilan uyg‘unligi va ijro nafosatiga e’tibor qaratiladi.
Chempionatda turli yoshdagi gimnastikachilar ishtirok etmoqda. Ular orasida yetti yoshli bolalar ham, 40 yoshdan oshgan tajribali sportchilar ham bor.
Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, ikki kunlik musobaqada jami 181 ta chiqish rejalashtirilgan.
21–22 noyabr kunlari o‘tkazilayotgan jahon chempionati Butunjahon havo-kuch atletikasi federatsiyasi (GAPAF) tomonidan O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ko‘magida tashkil etilgan.
Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, musobaqa munosabati bilan Samarqandga 300 nafardan ortiq xorijiy mehmon tashrif buyurgan. Ular orasida sportchilar, murabbiylar va delegatsiyalar vakillari bor.




