28.11.2026, Shanba+12.3°CToshkentUSD12 017.70EUR13 179.81RUB146.39
+12.3°CToshkent$12 017.70 28.11.2026

O‘zbekistonda havo ifloslanganda avtomobillar harakati juft va toq kunlar bo‘yicha cheklanishi mumkin

Jamiyat 28.11.2026 11:46 0Uz24 Uz
O‘zbekistonda havo ifloslanganda avtomobillar harakati juft va toq kunlar bo‘yicha cheklanishi mumkin

O‘zbekistonda havo ifloslanishi kuchaygan davrlarda avtomobillar harakati, sanoat korxonalari faoliyati va qurilish ishlariga vaqtinchalik cheklovlar joriy etish taklif qilinmoqda.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqildi.

Avtomobillar yo‘llarga juft va toq kunlarda chiqarilishi mumkin

Viloyat va shahar markazlarida havo sifati yomonlashganda katta yuk ko‘taruvchi transport vositalari harakatini vaqtincha cheklash yoki ularni aylanma yo‘llarga yo‘naltirish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, zarurat tug‘ilganda, sananing juft yoki toqligiga hamda davlat raqami belgisining oxirgi raqamiga qarab avtomobillar harakatiga cheklov joriy etilishi mumkin. Masalan, juft kunlarda tegishli raqamli avtomobillar, toq kunlarda esa boshqalari harakatlana oladi. Mazkur cheklovlar elektromobillar va maxsus transport vositalariga tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, transport harakati vaqtincha cheklanadigan alohida ko‘chalar va yo‘l uchastkalari ham belgilanishi mumkin.

Korxonalar ishlab chiqarish hajmini qisqartirishiga to‘g‘ri keladi

Havo ifloslanishi “qizil” va “binafsha” darajaga yetganda, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifasiga mansub korxonalar zararli tashlamalarni kamaytirish maqsadida ishlab chiqarish quvvatlarini vaqtincha pasaytirishi shart bo‘ladi. Strategik ahamiyatga ega hamda alohida huquqiy maqomdagi obyektlar bundan mustasno.

Shuningdek, issiqxona xo‘jaliklarida yoqilg‘i sifatida yaroqsiz materiallardan foydalanishning oldini olish bo‘yicha reydlar o‘tkaziladi. Noqulay ob-havo sharoitlari kuzatilgan davrlarda energetika korxonalariga, avariya va favqulodda vaziyatlardan tashqari hollarda, mazutdan foydalanishni taqiqlash taklif qilinmoqda.

Qurilish ishlari ham to‘xtatib turilishi mumkin

Havo sifati yomonlashgan davrlarda shahar markazlari va aholi zich joylashgan hududlarda qurilish ishlarini vaqtincha cheklash taklif etilmoqda.

Qurilish maydonlarida changni bostirish uskunalaridan foydalanish, qurilish materiallarini yopiq holda saqlash va tashish, hududni muntazam ravishda namlab turish hamda boshqa ekologik talablarga rioya qilish majburiy etib belgilanadi.

Hokimliklar esa, o‘z navbatida, shahar favvoralarining uzluksiz ishlashini ta’minlashi, shuningdek, markaziy ko‘chalar, jamoat joylari va yashil hududlarni sug‘orish hamda namlantirish ishlarini kuchaytirishi lozim bo‘ladi.

Ifloslanishning “qizil” darajasi zararli moddalar miqdorining ruxsat etilgan me’yordan oshib ketishini va aholining katta qismi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatish xavfi mavjudligini anglatadi.“Binafsha” daraja esa qo‘shimcha cheklovchi va profilaktik choralar ko‘rishni talab etuvchi yuqori darajadagi ifloslanishdan dalolat beradi.

Qaror loyihasi muhokamasi 12-dekabrga qadar davom etadi.

O‘xshash yangiliklar