Toshkent–Istanbul reysi Anqaraga yo‘naltirildi: yo‘lovchilar qo‘rqinchli lahzalarni boshdan kechirdi (video)

23 noyabr kuni Toshkentdan Istanbulga uchgan Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY273 reysi noqulay ob-havo sharoiti sabab Anqaradagi zaxira aeroportiga yo‘naltirildi. Parvoz vaqtida samolyot kuchli silkingani, ayrim yo‘lovchilar esa qo‘rquvdan duo qila boshlagani aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda samolyot salonidagi vaziyat aks etgan. Guvohlarning aytishicha, parvoz davomida havo kemasi qattiq silkingan va bu yo‘lovchilar orasida xavotir uyg‘otgan.
Uzbekistan Airways ma’lumotiga ko‘ra, 23 noyabr kuni Toshkent — Istanbul yo‘nalishidagi HY273 reysi yo‘nalish bo‘ylab meteorologik sharoitning yomonlashgani sabab Anqara xalqaro aeroportiga yo‘naltirilgan.
Shundan so‘ng reyslar o‘zgartirilgan jadval asosida amalga oshirilgan. Jumladan, HY273 reysi Anqaradan mahalliy vaqt bilan soat 23:30 da uchib, Istanbulga 00:30 da yetib borishi, HY274 reysi esa Istanbuldan jo‘nab ketish soat 01:40 ga, Toshkentga yetib kelish ertasi kuni soat 08:10 ga belgilangan.
Turbulentlik kutilmaganda yuzaga kelishi mumkin, shu bois ekipaj ko‘rsatmalariga amal qilish va xavfsizlik kamarini taqib o‘tirish tavsiya etiladi.



