«Zeygarnik effekti»ni yengib, miyaga dam berishning 5 ta oddiy usuli

Ish kuni rasman yakunlandi, ammo xayolingiz hamon Telegram'dan kelayotgan topshiriqlar va chala qolgan vazifalar bilan bandmi? Psixologiyada bu holat «Zeygarnik effekti» deb ataladi — tugallanmagan ishlar inson miyasini tinimsiz band qilib, stress va uyqu buzilishiga olib keladi. BBC salomatlik mavzulari bo‘yicha katta muxbiri Melissa Hogenbum mutaxassislar tavsiyalari asosida ishdan keyin ongni bo‘shatishga yordam beradigan beshta samarali usulni jamladi.
«Zeygarnik effekti» nima va u nega charchatadi?
Bundan qariyb 100 yil avval — 1927 yilda psixolog Blyuma Zeygarnik odamlar oxiriga yetkazilgan ishlardan ko‘ra yarmida to‘xtab qolgan vazifalarni yaxshiroq eslab qolishini ilmiy isbotlagan. Bu g‘oyaga uning ilmiy rahbari Kurt Levinning restorandagi kuzatuvi turtki bo‘lgan: ofitsiantlar yirik buyurtmalarni mijoz pul to‘laguniga qadar xotirasida saqlaydi, hisob-kitob qilinishi bilanoq esa darhol unutadi.



