AQSH rahbari va vitse-prezidenti Jensen Huangni Nvidia’ga qaytarish uchun 48 soat kurashdi | Daryo

AQSH prezidenti Donald Tramp, vitse-prezident Jey Di Vens va boshqa yuqori martabali amaldorlar Nvidia bosh direktori lavozimidan chetlatilgan Jensen Huangni “qutqarib qolish” uchun “aqldan ozdiruvchi 48 soat”ni boshdan kechirdi. Bu haqda manbalarga tayanib The Wall Street Journal xabar berdi.
O‘tgan dam olish kunlari AQSH bosh prokurori Todd Blansh Tramp va Vensga Huang Adliya vazirligining hech qanday tergovida gumonlanuvchi yoki asosiy figura emasligini ma’lum qilgan. Shuningdek, u vazirlikda Huangning qonunni buzgani yoki milliy xavfsizlikka tahdid solgani haqida hech qanday dalil yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.
Nashrning ta’kidlashicha, bu bunday yirik mojaroga aralashib qolgan shaxsning obro‘sini tiklashga qaratilgan “misli ko‘rilmagan” urinish bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nvidia Huang rahbarligida bir necha oydan beri AQSH Adliya vazirligi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Tergov kompaniyaning ikki mijozi — Megaspeed International va Super Micro tomonidan kuchli sun’iy intellekt chiplarining Xitoyga noqonuniy olib kirilgani ehtimoli yuzasidan olib borilmoqda.
AQSH allaqachon Megaspeed va yana bir qator kompaniyalarni qora ro‘yxatga kiritib, Amerika kompaniyalariga ularga chip va texnologiyalar sotishni taqiqlagan.
“Josuslik mojarosi” va iste’fo tarixi
Nvidia’ga tashkil etilganidan beri rahbarlik qilib kelgan Huang 12-noyabr kuni “josuslik mojarosi” ortidan iste’foga chiqqandi. U familiyadoshi — Xitoy fuqarosi, CCTV telekanalining sobiq muxbiri va Megaspeed International’ning sobiq rahbari Elis Huang bilan ishqiy munosabatda bo‘lganlikda gumon qilingan. The New York Times nashrining yozishicha, AQSH razvedkasi bu ayolni Xitoy razvedkasi agenti deb hisoblaydi. AQSH Adliya vazirligi bu ma’lumotni tasdiqlamagan, Xitoy esa aloqadorligini rad etgan.
Tadbirkor xiyonat qilganini tan olgan, biroq aynan kim bilan munosabatda bo‘lganini ochiqlamagan. Ko‘p o‘tmay The New York Times kompaniyadagi manbalarga tayanib, Huangning o‘z qo‘l ostidagi xodimasi bilan yana bir ishqiy munosabati haqida xabar berdi, Reuters esa biznesmenning “uchinchi ma’shuqasi”ni aniqladi.
Lavozimga qaytish va rekord darajadagi daromad
23-noyabr kuni Nvidia direktorlar kengashi Huangni prezident, bosh direktor va direktorlar kengashi a’zosi lavozimlariga tiklash uchun bir ovozdan ovoz berganini e’lon qildi. Qaror darhol kuchga kirdi va bu xabar ortidan Nvidia aksiyalari 30 foizga ko‘tarildi.
Huangning qaytishidan so‘ng, birgina 23-noyabr oqshomida uning boyligi Forbes ma’lumotlariga ko‘ra 32 milliard dollardan ko‘proqqa oshib, 144,4 milliard dollarga yetdi.
Tramp ham 15 million dollargacha daromad ko‘rgan bo‘lishi mumkin
Financial Times nashrining AQSH prezidentining moliyaviy hisobotiga tayanib xabar berishicha, Jensen Huangning lavozimiga qaytishi ortidan Donald Tramp 15 million dollargacha daromad olgan bo‘lishi mumkin.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabr oyi oxirida Oq uy rahbari Nvidia’ning 32 mingdan 370 ming donagacha aksiyasiga egalik qilgan. Agar uning aksiyalar paketi hajmi o‘zgarmagan deb hisoblansa, Huang qaytganidan keyingi narx o‘sishi hisobiga Trampga tegishli qimmatli qog‘ozlar qiymati 1,3 million dollardan 15 million dollargacha oshgan bo‘ladi.
Shu bilan birga, Trampning so‘nggi deklaratsiyasida bitimlar aniq raqamlarda emas, balki summalar oralig‘ida ko‘rsatilgani hamda oktyabr oyidan keyingi aksiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobga olinmagani qayd etilgan. Shu sababli prezident hozirda Nvidia’ning qancha aksiyasiga egalik qilishi aniq ma’lum emas.



