Rossiya raketa va dronlaridan Yevropaning butlovchi qismlari topildi | Daryo

OCCRP qayd etishicha, bu Ukraina rasmiylari shu paytgacha e’lon qilgan eng yuqori ko‘rsatkich. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, detallarda 30 dan ortiq mamlakat kompaniyalarining markirovkalari aniqlangan. Xususan, Rossiya dronlari qoldiqlaridan Shveysariya, Germaniya va Britaniya kompaniyalariga tegishli elektron qismlar topilgan.
Ushbu kompaniyalar Rossiyaga mahsulot yetkazib bermasligi va G‘arb sanksiyalariga rioya qilishini bildirgan. Germaniya kompaniyalaridan biri esa topilgan detal qalbaki bo‘lishi mumkinligini aytgan.
OCCRP hamkorlari, shuningdek, Rossiya dronlaridan chiqarib olingan sakkizta SIM-karta suratini o‘rganib, ular Litvaning Tele2 Lietuva mobil operatoriga tegishli Pildyk brendiga mansub ekanini aniqlagan. Operator kartalar 2024-yilda sotib olingani va faollashtirilganini tasdiqlagan. Kompaniya SIM-kartalarni faqat Litvada sotishini bildirib, ularni qayta sotish bilan shug‘ullanuvchi guruhlar jinoyatchilar, kontrabandachilar va Rossiya agentlarini kartalar bilan ta’minlayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
Dronlardan tashqari Rossiya raketalaridan ham Shveysariya va Germaniya kompaniyalarining mahsulotlari topilgan. Ishlab chiqaruvchilar Rossiyaga mahsulot yetkazib bermayotganini ta’kidlagan.
Germaniyaning Harting kompaniyasi vakili aytishicha, fuqarolik texnikalarida, masalan, kompyuterlarda ishlatiladigan ayrim qismlarni harbiy texnikada ham qo‘llash mumkin. Shu sababli ularning keyinchalik qayerga borib tushganini kuzatish nihoyatda qiyin.



