Pentagon Ford va General Motors bilan dron ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaraga kirishdi | Daryo

AQSH Urush vazirligi (Pentagon) harbiy dronlarni ommaviy ishlab chiqarishda yordam olish maqsadida General Motors, Ford va boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda The Wall Street Journal’ga tayanib, Reuters xabar berdi.
Tahlilchilarning fikricha, avtomobilsozlik sanoati dunyodagi geosiyosiy mojarolar ortidan keskin oshgan mudofaa xarajatlaridan daromad olishga harakat qilmoqda. Biroq sohada daromadni oshirish imkoniyatlari hozircha cheklanganligicha qolmoqda.
The Wall Street manbalariga ko‘ra, kelishuv doirasida ushbu firmalar dron ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga turli ehtiyot qismlarni yetkazib beradi. Bular qatoriga aktuatorlar (harakatga keltiruvchi mexanizm), dvigatellar, sensorlar, lidar va boshqa butlovchi qismlar kiradi.
Xabarda qayd etilishicha, General Motors dron dvigatellarini ishlab chiqarish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, AQSH mudofaa rasmiylari Ford, Kanadaning avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchi Magna International kompaniyasi hamda avtomobilsozlikdan tashqaridagi boshqa ishlab chiqarish firmalari rahbarlari bilan ham uchrashgan.
GM, Ford va Magna kompaniyalari Reuters agentligining izoh berish haqidagi so‘rovlariga javob bermadi.
GM’ning mudofaa sanoatidagi boshqa loyihalari
Manbaga ko‘ra, General Motors yuqori martabali mudofaa rasmiylarining iltimosiga asoslanib harbiy loyihalarda ishtirok etishga eng katta qiziqish bildirmoqda. Kompaniya shunga o‘xshash kelishuvlar bo‘yicha RTX va L3Harris korporatsiyalari bilan ham muzokaralar olib borgan.
Bundan tashqari, GM 2026-yil boshida mudofaa giganti Lockheed Martin bilan tuzilgan kelishuv doirasida Patriot havo hujumidan mudofaa raketalari uchun korpus qismlarini yetkazib bergan edi.
Xabarda ta’kidlanishicha, hozircha hech qanday yakuniy kelishuv imzolanmagan. Prezident Donald Tramp ma’muriyatining ushbu tashabbusiga avtomobilsozlik kompaniyalari rahbarlari hozirga qadar turlicha munosabat bildirmoqda.



