Qariyb 40 mln o‘lim xavfi: insoniyat nega antibiotikka chidamlilik muammosidan qutula olmayapti? | Daryo

Imirzalio‘g‘lu nafaqat antibiotiklarga chidamlilik, balki 2004-yilda tibbiyot, veterinariya va tabiatni muhofaza qilish mutaxassislari tomonidan qabul qilingan “Yagona salomatlik” (One Health) konsepsiyasi bo‘yicha ham yetuk ekspertdir. Ushbu yondashuv insonlar, hayvonlar va atrof-muhit salomatligi o‘zaro chambarchas bog‘liq ekanini e’tirof etadi.
Zero, antibiotiklar va ularga chidamli mikroblar faqat shifoxonalar muammosi emas. Ular hayvonlar boshpanalarida, chorvachilik mahsulotlarida, oqova suvlarda, o‘g‘itlar va hatto o‘simliklarda ham uchraydi. “Yagona salomatlik” konsepsiyasi esa bularning barchasini nazorat ostida tutishga intiladi.
Shifoxona va poliklinikalar uchun bu antibiotiklarni imkon qadar tanlab va aniq maqsad bilan qo‘llash zarurligini anglatadi. Shu bois ilmiy tadqiqotlar, avvalo, yanada aniq va tezkor diagnostika usullarini yaratishga qaratilgan.
Imirzalio‘g‘luning aytishicha, Germaniyada antibiotiklar ko‘pincha nafas yo‘llari yoki siydik yo‘llari infeksiyalariga qarshi buyuriladi. Vaholanki, antibiotiklar faqat bakteriyalarga qarshi kurashadi — agar kasallikni virus qo‘zg‘atgan bo‘lsa, ular mutlaqo samarasizdir.
Shunga qaramay, har bir antibiotik dozasi o‘z asoratini qoldiradi: u ichak mikrobiomasini shikastlaydi. Hazm qilish, moddalar almashinuvi va immunitet tizimi uchun o‘ta muhim bo‘lgan milliardlab mikroorganizmlar (asosan foydali bakteriyalar) nobud bo‘lgach, ularning o‘rnini chidamli patogenlar egallaydi.

Illyustrativ foto: The Scientist
Eng xavflisi, chidamli patogenlarning ichakda ko‘payishi ko‘pincha hech qanday alomatlarsiz va sezilmasdan kechadi. Natijada insonlar “chidamli patogenlar tashuvchisi”ga aylanib, ularni yana atrof-muhitga tarqatadi.
Shu tariqa, chidamli bakteriyalar shifoxonalardan hojatxona va rakovinalar orqali oqova suvlarga, u yerdan esa Boltiq dengiziga tushib, yovvoyi qushlar organizmiga o‘tmoqda. Ushbu zanjir Helmgolts nomidagi “Yagona salomatlik” instituti (HIOH) veterinari va mikrobiologi Katarina Shaufler o‘tkazgan tadqiqotda o‘z isbotini topgan.
Sanoat chorvachilik vaziyatni nega yanada og‘irlashtirmoqda?
Katarina Shauflerning ta’kidlashicha, antibiotiklar nafaqat odamlarda uzoq vaqt va keng miqyosda qo‘llanilgan, balki veterinariyadagi me’yordan ortiq foydalanish ham mavjud deyarli barcha antibiotiklarga nisbatan chidamlilik shakllanishiga olib kelgan.
2006-yilda Yevropa Ittifoqi bo‘ylab hayvonlar ozuqasiga o‘sishni tezlashtiruvchi vosita sifatida antibiotiklar qo‘shish taqiqlangan edi. O‘shandan beri ulardan faqat veterinariya davolash muolajalari doirasidagina foydalanishga ruxsat berilgan.
Biroq muammo shundaki, yirik sanoat chorvachiligi sharoitida tibbiy maqsadlarda antibiotik qo‘llash doimiy zaruratga aylanib qolgan. Hayvonlarning tor va yopiq joylarda zich yashashi infeksiyalarning yashin tezligida tarqalishiga sabab bo‘ladi. Joy yetishmasligi va zerikish oqibatida hayvonlar bir-birini jarohatlaydi — bu esa Shaufler ta’biri bilan aytganda, “bakterial bosim shundoq ham yuqori bo‘lgan muhitda” yuz beradi.
O‘g‘itlar orqali esa antibiotiklarga chidamli patogenlar tabiatga chiqib ketadi.



