24.11.2026, Seshanba+15.7°CToshkentUSD12 002.93EUR13 156.41RUB146.74
+15.7°CToshkent$12 002.93 24.11.2026

Erta nikoh, 16 yoshga to‘lmaganlar homiladorligi haqida xabar bermagan mas’ullar jarimaga tortilishi mumkin | Daryo

O'zbekiston 24.11.2026 14:18 0Daryo
Erta nikoh, 16 yoshga to‘lmaganlar homiladorligi haqida xabar bermagan mas’ullar jarimaga tortilishi mumkin | Daryo

Oʻzbekistonda erta nikoh va 16 yoshgacha boʻlgan homiladorlik bilan bogʻliq holatlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar bermagan mas’ullar jarimaga tortilishi mumkin.

24-noyabr kuni Qonunchilik palatasining majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bu borada qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Ushbu qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 188⁵-modda kiritilib, huquqbuzarlik holatlari haqida xabar berish majburiyati yuklatilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari hamda xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga qonunchilikda belgilangan tartibda xabar berish talablarini buzganlik uchun jarima jazosi belgilash nazarda tutilmoqda.

Majisda qayd etilishicha, amaliyotda ayrim huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risida vakolatli organlarga o‘z vaqtida xabar berilmasligi ularni aniqlash va tegishli huquqiy choralar ko‘rishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, 2025-yilda 536 ta erta tug‘ruq holati tegishli organlar tomonidan “E-material” axborot tizimida ro‘yxatga olinmagan hamda ular yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmagan.

Qonun loyihasi huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning oldini olish, davlat organlari va tashkilotlarining bu boradagi mas’uliyatini kuchaytirish, shuningdek, fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.

Shu yilning sentyabrida qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi. Loyiha prezidentning 2026-yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmonining 8-bandida belgilangan topshiriqlar ijrosi doirasida Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan.

Farmonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish va FHDY organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillarining erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar hamda boshqa qonunbuzilishlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar bermasligi ularning ma’muriy javobgarlikka tortilishiga asos sifatida belgilanishi nazarda tutilgan.

O‘xshash yangiliklar