O‘zbekistonda erta nikoh va voyaga yetmaganlar homiladorligini yashirganlar qancha jarima to‘laydi?

O‘zbekistonda erta nikoh va 16 yoshga to‘lmagan qizlarning homiladorligi haqida tegishli idoralarga xabar bermagan mansabdor shaxslar hamda tashkilot xodimlari ma’muriy jarimaga tortilishi mumkin. Bu orqali bunday holatlarni yashirish va o‘z vaqtida ma’lum qilmaslikning oldini olish ko‘zda tutilmoqda.
24 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, kodeksga yangi 188⁵-modda kiritilishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, erta nikoh va 16 yoshga to‘lmagan shaxslarning homiladorligi bilan bog‘liq holatlar haqida ichki ishlar organlari hamda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga belgilangan tartibda xabar berishi shart bo‘lgan mas’ullar ushbu majburiyatni bajarmasa, jarimaga tortilishi mumkin.
Deputatlar ta’kidlashicha, amaliyotda ayrim huquqbuzarliklar haqida vakolatli idoralarga o‘z vaqtida ma’lumot berilmasligi oqibatida ularni aniqlash va qonuniy choralar ko‘rish qiyinlashmoqda.
Xususan, 2025 yilda 536 ta erta tug‘ruq holati «Ye-material» axborot tizimida qayd etilmagan. Shuningdek, mazkur holatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari ham o‘tkazilmagan.
Qonun loyihasining asosiy maqsadi — bunday holatlarni o‘z vaqtida aniqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va mas’ul tashkilotlar javobgarligini oshirish. Shu bilan birga, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mazkur tashabbus prezidentning 2026 yil 3 martdagi ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan farmoni ijrosi doirasida Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, qonun loyihasi joriy yil sentyabr oyida jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan edi. Unda o‘zini o‘zi boshqarish organlari, FHDYO bo‘limlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda diniy idora vakillarining ham tegishli holatlar haqida xabar berish majburiyati belgilangan.



