Surxondaryoda ayolga ikkinchi xotin bo‘lishni taklif etib, shilqimlik qilgan hokim yordamchisi 5 sutkaga qamaldi | Daryo

Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumanida ayolga ikkinchi xotin bo‘lishni taklif qilib, Telegram orqali shilqimlik qilgan hokim yordamchisi 5 sutkaga qamaldi. “Daryo” sud hujjati bilan tanishdi.
Tumandagi mahallalardan birida hokim yordamchisi vazifasida ishlovchi A.R. 2026-yil iyul oyida G.G.ni mahallaga bank xodimi sifatida ishga olishini aytgan. Ayol uning so‘zlariga ishonib, bir oy davomida jamoatchilik asosida ishlagan. Biroq ishga qabul qilinmasligini bilgach, ketgan.
Shundan keyin hokim yordamchisi unga Telegram orqali ishqiy mazmundagi xabarlar yoza boshlagan. 21-sentyabr kuni esa ikkinchi xotini bo‘lishni taklif qilib, Termizdan uy olib berishini aytgan.
“Men seni xotinim qilaman deb o‘tiribman, sen ikkinchi bo‘lasan”, deb yozgan erkak xabarlarida.
U G.G.ni mahallaga kechroq kelishga chaqirib, bu vaqtda odam kam bo‘lishini aytgan. Shuningdek, shahvoniy mazmundagi boshqa xabarlar yuborgan. Keyin uni haqorat qilgan. G.G. ham unga javoban haqoratli xabar yozgan.
O‘sha kuni A.R. kechqurun ayolning uyiga borib, xatlov o‘tkazilayotganini aytgan va farzandining tug‘ilganlik guvohnomasidan nusxa olishini bildirgan. Ayol va uning onasi esa undan uylariga boshqa kelmaslikni so‘ragan.
Sudda A.R. aybini tan olgan. U G.G.ni ishga joylashtirish uchun hujjatlarini taqdim etganini, biroq shtat berilmagani sababli bu masala hal bo‘lmaganini bildirgan. Ayolning uyiga esa xatlov ishlari sababli borganini aytgan.
Sud A.R.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish) va 41-1-moddasi 1-qismida (shahvoniy shilqimlik qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topgan. Unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasiga asosan uzil-kesil 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
G.G. esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi bilan aybli deb topilgan. Biroq kodeksning 21-moddasi asosida ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinib, ogohlantirilgan.
Avvalroq Surxondaryoning Muzrabot tumanida ayol hamkasbiga shilqimlik qilgan 59 yoshli maktab o‘qituvchisi 5 sutkaga qamalgandi. Shuningdek, Xorazmning Yangiariq tumanida hamshiraga shahvoniy mazmundagi SMS xabarlar yuborgan shifokorga 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.



