24.11.2026, Seshanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 24.11.2026

Muddatli to‘lovga savdo qiluvchi ayrim tashkilotlar Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tishi majburiy bo‘ladi | Daryo

O'zbekiston 23.11.2026 22:00 1Daryo
Muddatli to‘lovga savdo qiluvchi ayrim tashkilotlar Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tishi majburiy bo‘ladi | Daryo

O‘zbekistonda muddatli to‘lov asosida tovar va xizmatlar sotuvchi tashkilotlarni Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi joriy etilishi kutilmoqda. Markaziy bank ishlab chiqqan tegishli qaror loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Loyihaga ko‘ra, hisobot choragi yakunida savdo aylanmasi 500 mln so‘mdan oshgan va unda bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatining ulushi 50 foiz yoki undan yuqori bo‘lgan tashkilotlar Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘ladi. Mazkur talab ishlab chiqaruvchi korxonalarga tatbiq etilmaydi.

Belgilangan mezonlarga javob beruvchi tashkilotlar hisobot davridan keyingi oyning 20-kunidan kechiktirmay Markaziy bankka ariza va tegishli hujjatlarni taqdim etishi kerak.

Hujjatga muvofiq, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatish huquqi tashkilot Markaziy bank yuritadigan maxsus reyestrga kiritilganidan keyin yuzaga keladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari Markaziy bankni xabardor qilish orqali, boshqa yuridik shaxslar esa hisob ro‘yxatidan o‘tish orqali reyestrga kiritiladi.

Tashkilotlarni aniqlashda Soliq qo‘mitasi elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn kassa cheklari asosidagi ma’lumotlarni Markaziy bankka taqdim etadi. Markaziy bank ushbu ma’lumotlarni tahlil qiladi.

Belgilangan mezonlarga javob beradigan tashkilotning ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritishi nizom talablarini buzish hisoblanadi. Qaror loyihasi 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi nazarda tutilgan. Hujjat 1-dekabrga qadar jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezidentning “Aholiga muddatli to‘lov xizmatlari ko‘rsatilishini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilangandi.

Qarorga ko‘ra, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs (banklar va mikromoliya tashkilotlari bundan mustasno) muddatli to‘lov xizmati operatori deb e’tirof etiladi. Yuridik shaxslarning muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish huquqi Markaziy bank tomonidan shakllantiriladigan Muddatli to‘lov xizmati operatori faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritilgandan so‘ng vujudga keladi.

O‘xshash yangiliklar