O‘zbekistonlik muhandislar va oliygoh bitiruvchilari Britaniya kompaniyalariga ishga joylashtirilishi mumkin | Daryo

O‘zbekiston Migratsiya agentligi rahbariyati 23-noyabr kuni Buyuk Britaniyaning Adolatli mehnat sharoitlarini ta’minlash agentligi (Fair Work Agency — FWA) vakillari bilan videokonferensiya shaklida uchrashuv o‘tkazdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi uch yilda 14 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishga yuborilgan. Kelgusi mavsum uchun nomzodlarni saralash maqsadida britaniyalik operatorlarning O‘zbekistonga kelishi rejalashtirilmoqda.

Foto: Migratsiya agentligi
Uchrashuvda FWA vakillari mavsumiy ishchilarni jalb qiluvchi operatorlarning litsenziya talablariga rioya etishini nazorat qilish va xodimlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston tomoni esa fuqarolar uchun safardan oldin Britaniya mehnat qonunchiligi, mehnat shartnomasi, ishlash va yashash sharoitlari bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazishni taklif qildi. Tomonlar mehnat huquqlari buzilishining oldini olish uchun mutaxassislar o‘rtasida axborot almashish muhimligini qayd etdi.
Migratsiya agentligi litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklarining xorijga ishga joylashtirishdagi ishtirokini bosqichma-bosqich kengaytirish rejalarini ham taqdim etdi.

Foto: Migratsiya agentligi
Britaniya vakillari esa mavsumiy ishchilarni qaysi mamlakatlardan va qanday tartibda jalb etishni operatorlarning o‘zi belgilashini hamda taklif etilgan hamkorlik mexanizmini batafsil o‘rganish zarurligini bildirdi. Uchrashuvda hamkorlik memorandumining yangilangan loyihasi va uni imzolashga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, Migratsiya agentligi ingliz tilini biladigan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, muhandislar va boshqa malakali mutaxassislarni Britaniya kompaniyalariga ishga joylashtirish istiqbollarini o‘rganishni taklif qildi. Britaniya tomoni bu taklifni vakolatli idoralarga yetkazishga tayyorligini bildirdi.
2025-yil sentyabrida O‘zbekiston fuqarolari uchun Buyuk Britaniyada mavsumiy ish kvotalarini oshirish va yangi operatorlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgani xabar qilingandi. Shuningdek, Migratsiya agentligi va Britaniyaning Mehnatni suiiste’mol qilishga qarshi kurashish tashkiloti (GLAA) o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi.



