Namangandagi maktabda janjal: o‘qituvchi oyligining 30 foizi miqdorida jarimaga tortildi | Daryo

Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 46-umumta’lim maktabida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi ikki nafar o‘quvchiga jismoniy kuch ishlatgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat ta’lim va ilm-fan boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 18-noyabr kuni beshinchi dars vaqtida sodir bo‘lgan. 9-“A” sinfining ikki nafar o‘quvchisi o‘zaro janjallashib qolgan. O‘qituvchi ularni bir necha bor ajratib, tartibga chaqirganiga qaramay, o‘quvchilar bir-birini haqorat qilish va jismoniy kuch ishlatishni davom ettirgan.
O‘rganish davomida o‘qituvchi janjalni to‘xtatish va o‘quvchilarning bir-biriga tan jarohati yetkazishining oldini olishga uringani, o‘quvchilar esa unga nisbatan ham kuch ishlatishga harakat qilgani ma’lum bo‘lgan.
Shu bilan birga, o‘qituvchining vaziyatga munosabat bildirish jarayonidagi xatti-harakatlari pedagogik odob-axloq va kasbiy etika talablariga zid deb topilgan.
Shu sababli unga Mehnat kodeksining 312-moddasi 2-bandiga asosan o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida intizomiy jarima qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, o‘quvchilarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi asosida choralar ko‘rish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan.
Sentyabr oyida Toshkentning Yunusobod tumanidagi maktabda o‘quvchini kaltaklagan o‘qituvchiga hayfsan berilgani va u bilan mehnat shartnomasini bekor qilish yuzasidan ishlar olib borilayotgani xabar qilingandi.



