24.11.2026, Seshanba+12.2°CToshkentUSD12 002.93EUR13 156.41RUB146.74
+12.2°CToshkent$12 002.93 24.11.2026

O‘zbekiston va Iordaniya munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tariladi | Daryo

O'zbekiston 24.11.2026 18:49 0Daryo
O‘zbekiston va Iordaniya munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tariladi | Daryo

Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Ammon shahridagi “Al-Husayniya” saroyida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali aloqalarni yanada rivojlantirish hamda hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Siyosiy muloqotlar va idoralararo almashinuvlar faollashgani, o‘zaro savdo hamda investitsiyalar hajmi barqaror ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida savdo, investitsiya, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, sog‘liqni saqlash hamda farmatsevtika sohalari ko‘rsatib o‘tildi.

Imtiyozli savdo bitimini imzolash, o‘zaro savdo hajmini kelgusida 500 mln dollarga yetkazish masalasiga alohida to‘xtalindi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish uchun madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish, diniy-ma’rifiy yo‘nalishda tajriba almashish, sayyohlik almashinuvini kengaytirish, qadimiy shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, “Aqaba jarayoni” formati va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qildilar.

Oliy darajadagi kelishuvlarning ijrosini to‘liq ta’minlash uchun keng qamrovli “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Iordaniya podshohini mamlakatga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

O‘xshash yangiliklar