24.11.2026, Seshanba+15.7°CToshkentUSD12 002.93EUR13 156.41RUB146.74
+15.7°CToshkent$12 002.93 24.11.2026

“Raj Kapur uyimizning tomida kabob pishirgan”. Fotima Rejametova mashhur ota-onasi, bolalik xotiralari va qizi Farangizning vasiyati haqida | Daryo

Madaniyat 24.11.2026 15:26 0Daryo
“Raj Kapur uyimizning tomida kabob pishirgan”. Fotima Rejametova mashhur ota-onasi, bolalik xotiralari va qizi Farangizning vasiyati haqida | Daryo

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, kino va teatr aktrisasi Fotima Rejametova “Izlarim” loyihasiga intervyu berdi. Suhbat davomida u san’at ichida ulg‘aygani, egizagi Husan bilan o‘tgan qiziqarli voqealar hamda qizi haqida esladi.

“Raj Kapur uyimizning tomida kabob pishirardi”

Image

Foto: YouTube

— Dadam va oyim biz tug‘ilishimizdan oldin juda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirishgan. Ijarama-ijara yashashgan, hatto bir muddat “O‘zbekfilm”ning pardozxonasida ham turishgan. Dadam “Yigirma oltinchi otilmasin” filmidan keyin juda mashhur bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, o‘z uyimiz bo‘lmagan. Nihoyat, biz tug‘ilishimizdan bir yil oldin ularga uch xonali xonadon berilgan.

Dadamga birinchi qavatdan to‘qqizinchi qavatgacha istalgan uyni tanlash imkonini berishgan. U esa to‘qqizinchi qavatni tanlagan. Oyim buning sababini so‘raganida dadam “Xudoga yaqin, manzarasi ham chiroyli”, deb javob bergan ekan. Keyinchalik lift ishlamay qolgan paytlarda oyim uning tanlovini hazil bilan eslab turardi.

Image

Ammo o‘sha uyimizning o‘ziga yarasha go‘zalligi bor edi. To‘qqizinchi qavatdan butun Toshkent ko‘rinardi. Bayramlardagi mushakbozliklarni tomosha qilardik, uyimizda ko‘p mehmonlarni kutib olganmiz. Hatto Raj Kapur ham kelgan, Ubaydulla Omon bilan tomda kabob pishirib o‘tirishgan.

Egizagim Husan bilan bolaligimiz shu uyda o‘tgan. Tomdan samolyot yasab uchirardik, qaldirg‘ochlarga paxta otib o‘ynardik. Derazalarni tashqaridan ham yuvardim, balandlikdan umuman qo‘rqmasdim. Balki shuning uchun ham hozirgacha parashyutdan sakrashni orzu qilaman, deydi Fotima Rejametova.

“Onam dadamdan ‘qo‘rqib’, egizak dunyoga keltirib bergan ekan”

Image

— Biz juda kutilgan farzandlar bo‘lganmiz. Akam tug‘ilgach, oyim boshqa farzand ko‘rmaslikka qaror qilgan ekan. Dadam esa yana farzand istagan. Oyim yo‘q desa, dadam hazillashib “Agar tug‘ib bermasang, seni qo‘yib yuboraman” degan. Keyin oyim bizga shuni gapirib berayotganida, “dadangiz ketib qolmasin deb qo‘rqib, egizak tug‘ib berganman”, derdi. Yana “Xudo egizak farzandni faqat yaxshi ko‘rgan insonlariga beradi. Bir qiz, bir o‘g‘il bo‘lishi esa shohona tanlov”, deb ko‘p aytardi.

Image

Men Husansiz hayotimni tasavvur qila olmayman. Biz doim bir butunning ikki bo‘lagidek bo‘lganmiz. Hamma “Qorindan ham talashib chiqqansizlar”, deb hazillashadi. Ustozlarimizdan biri hazillashib, “Husanning hamma yaxshi xislatlarini o‘zingga olib qo‘yibsan: chaqqonsan, faol va a’lochisan, faqat chiroyini unga qoldiribsan”, derdi, deya so‘zlab berdi aktrisa.

“Husan bilan birga kal bo‘lib yurardik”

Image

— Onam “Yosh gvardiya” teatrida ishlagan paytida men bilan Husan hali ona sutidan chiqmagan chaqaloq edik. Spektakl vaqtida parda ortiga o‘tib, ikkimizni emizib olardi-da, yana sahnaga qaytardi. Bizni gastrollarga ham o‘zi bilan olib borardi. Egizak farzandlarni katta qilish oson emas, ayniqsa, onamga yordam beradigan odam bo‘lmagan. Ikki buvim ham olamdan o‘tgan edi.

Onam bizni qanday katta qilganini hazillashib eslardi “Bir qo‘limda beshik, ikkinchisida belanchak bo‘lardi. Adyolni taxtaga o‘rab, derazaga bog‘lab qo‘yardim”, derdi. Husan bilan doim birga yurardik, hatto bir paytda kasal bo‘lib, birga kal bo‘lib yurardik. Bog‘chada tushgan suratimiz ham bor: ikkimiz bir xil kiyimda, sochimiz kal. Keyin sochimiz biroz o‘sgach, menga bantik taqish kerak bo‘lgan, ammo uni qanday taqishni bilishmagani uchun shunchaki boshimga qo‘yib qo‘yishgan. Hali ham o‘sha suratni eslab kulaman, deydi u.

“Maktabda ingliz tilini o‘rganganim sayohatlarimda asqatdi”

Image

— Maktabda eng sevimli fanim jismoniy tarbiya edi. Sport zaliga kirishni yaxshi ko‘rardim. Basketbol, voleybol va stol tennisiga qiziqardim, shpagatga hali ham o‘tira olaman. Faqat yugurishni yoqtirmasdim, oyoqlarim kalta derdim-da.

Adabiyot va she’r yodlashni ham yaxshi ko‘rardim. She’rlarni tez yodlab, a’lo baho olardim. Husan esa yodlashda biroz qiynalardi. Vokal mashg‘ulotlariga ham mehrim baland edi, maktabda xor to‘garagiga qatnashardim. Fizika va kimyoni esa yoqtirmasdim. Ingliz tilini yaxshi ko‘rardim. Bu til chet elga, jumladan, Amerikaga borganimda juda asqatgan, bemalol suhbatlasha olaman, deydi u.

“Maktabda meni kofir deyishardi”

Image

— Maktabda juda faol edim, hamma narsaga aralashardim. Ashula, raqs va drama to‘garaklariga qatnashardim. Turli tadbirlar, bitiruv kechalari va ilk qo‘ng‘iroq marosimlarida chiqishlar tayyorlardik.

Image

Sinfimiz juda ahil edi. Unda o‘zbek, koreys, tatar, qrim-tatar kabi turli millat vakillari o‘qirdi. Hozir ham sinfdoshlarim bilan aloqamiz uzilmagan. Ko‘pchiligi oilali, farzandli bo‘lgan, ayrimlari dunyoning turli mamlakatlarida yashaydi. Shunga qaramay, har kuni bir-birimizdan xabar olamiz, tez-tez uchrashib turamiz. Hatto Moskvada maktabni bitirganimizning 30 yilligini ham nishonlaganmiz. Bir necha kun davomida katta uy ijaraga olib, birga ovqat pishirib, suhbatlashib, gitara chalib vaqt o‘tkazganmiz. Lekin o‘zbek sinfidagi qizlar ruscha gapirganimni yoqtirmasdi. Koridordan o‘tayotganimda ortimdan gapirib, turli qiliqlar qilishardi. Buni ochiq aytishmasdi, albatta. Ko‘pchiligi meni ruscha gapirganim uchun “kofir” deyishardi, deya eslaydi aktrisa.

“Farangiz menga doim go‘zal yurishni vasiyat qilib ketdi”

Image

— Farangizdan ayrilganimdan keyin hayotga qarashim butunlay o‘zgardi. Ilgari hamma narsaning uddasidan chiqa olaman, deb o‘ylardim. Yutqazishni yomon ko‘rardim. Ammo insonning qo‘lidan hech narsa kelmaydigan vaziyatlar ham bo‘lishini angladim.

Dadam vafot etganida ham juda qattiq qiynalganman. Yoshligimdan Alloh bilan ichimda gaplashib, yaqinlarim uchun duo qilardim. Premyeralar oldidan dadam va oyimning ishlari yaxshi o‘tishini so‘rab, duo qilardim. Dadamdan ayrilganimda esa ich-ichimdan xafa bo‘ldim. “Sendan dadamga hech narsa bo‘lmasin, deb so‘ragandim-ku, nega baribir olib ketding?” deb o‘ylaganman. Keyinchalik angladimki, hamma narsa Allohning qo‘lida ekan. Inson ojiz, shuning uchun tavakkal qilib yashash kerak.

Image

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Turmush o‘rtog‘imdan ayrilganimizda Farangiz menga ko‘p dalda berardi. “Ona, hech kimning bizga rahmi kelmasin. Chiroyli bo‘lib yuring, o‘zingizga qarang. Odamlar bizni ko‘rib achinmasin. Firdavs armiyada, u ham bizning tushkunligimizni ko‘rib o‘ksinmasin. Ukam bilan faqat kulib ko‘rishaylik”, derdi. Bu gaplari hanuz qulog‘im ostida jaranglaydi. Farangizning o‘zi ham vafotidan keyin menga vasiyatdek so‘zlar qoldirdi, deydi Fotima Rejametova.

Fotima Rejametova hozir kimlar va nimalar uchun duo qiladi?

Image

Foto: Instagram

— Avvalo, Allohga bergan ne’matlari uchun shukr qilaman. Kasbim, hayotim, farzandlarim bor — ko‘p narsaga erishdim. Hozir duolarimda o‘g‘limning sog‘-salomat bo‘lishini so‘rayman. O‘zimga ham ozgina sog‘lik tilayman, chunki hali qiladigan ishlarim ko‘p. Firdavsning farzandlari, nevaralarini ko‘rib, ularning to‘ylarida qatnashish nasib etishini istayman. Buni o‘zim uchun katta baxt deb bilaman. Yana aktrisa sifatida orzumdagi eng yaxshi rolni ijro etish niyatim bor. Ishonamanki, bu hali oldinda, deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fotima Rejametova.

O‘xshash yangiliklar