9−20-noyabr kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning COP31 iqlim konferensiyasi yakuniy kelishuvsiz nihoyasiga yetdi. Muzokara ishtirokchilari qazib olinadigan yoqilg‘i masalasida bir to‘xtamga kela olmadi.
COP31 butun tarixdagi eng uzoq davom etgan BMT iqlim sammiti bo‘ldi. Muzokaralar konferensiyaning rasmiy yakunlanish sanasidan (20-noyabr) keyin yana ikki kun davom etdi. Bu, shuningdek, 2009-yildan beri umumiy deklaratsiyasiz yakunlangan birinchi sammitdir.
190 dan ortiq ishtirokchi davlat “Antaliya pakti” deb nomlangan hujjatni qabul qilish rejalashtirilgan 22-noyabr kungi yakuniy yig‘ilishda konsensusga erisha olmadi.
Qazib olinadigan yoqilg‘iga oid ta’riflar atrofidagi kelishmovchiliklar asosiy to‘siq bo‘ldi. Bundan tashqari, davlatlar iqlim o‘zgarishi oqibatlariga allaqachon duch kelayotgan mamlakatlarga moliyaviy yordamni oshirish bo‘yicha ham kelishuvga erisha olmadi.
CNN telekanalining yozishicha, COP31 yakuniy kelishuvining birinchi loyihasida “energetika tizimlarida qazib olinadigan yoqilg‘idan zudlik bilan voz kechish”ga chaqiriq mavjud edi. Biroq neft qazib oluvchi mamlakatlarning qarshiligi tufayli hujjatning keyingi barcha versiyalaridan qazib olinadigan yoqilg‘i haqidagi eslatmalar chiqarib tashlangan.
COP31 hamraislari — Avstraliya va Turkiya deklaratsiyaning bir nechta murosali loyihalarini taqdim etdi. Xususan, ularda global isish hozirda Selsiy bo‘yicha 1,5 darajali chegaradan oshib ketish tomon ketayotgani tan olingan va atmosferadan uglerodni tutib qolish hamda chiqarib tashlash texnologiyalarini kengaytirishga chaqirilgandi.
Ko‘mir, neft va gazdan voz kechish bo‘yicha qat’iyroq majburiyatlarni talab qilayotgan mamlakatlar taklif etilgan loyihalarni imzolashdan bosh tortdi. Ular orasida Panama, Marshall orollari, Norvegiya, shuningdek, Yevropa Ittifoqi ham bor.
Sammitda YeI nomidan ishtirok etgan Irlandiya iqlim masalalari bo‘yicha vaziri Darra O’Brayen Yevroittifoq “hatto qazib olinadigan yoqilg‘i ham tilga olinmagan” kelishuvni qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi. “O‘ylaymanki, ushbu COP konferensiyasi amalda ayrim neft qazib oluvchi davlatlar tomonidan egallab olindi”, — deya qayd etdi u keyinroq Reuters agentligiga bergan intervyusida.
COP31 raisi Murat Kurum paktni qabul qilish uchun qo‘llab-quvvatlov yo‘qligini tan oldi. “Biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni qildik, — dedi u, — ammo ushbu zalda bu matnga qarshi chiqayotgan tomonlar borligi aniq. Ushbu hujjat bo‘yicha konsensusga erishib bo‘lmaganini qayd etishga majburmiz”.
BMTning navbatdagi — COP32 iqlim konferensiyasi Addis Abebada (Efiopiya) bo‘lib o‘tadi.




